O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri mezbonlik qilayotgan 15-jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi
Bugun kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri mezbonlik qilayotgan 15-jahon chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
Ostona shahri mezbonlik qilayotgan mazkur nufuzli musobaqa joriy yilning 4-9 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Toshkent viloyatining Angren shaxridagi Yangiobod sport majmuasida so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tagan vakillarimiz musobaqaning barcha 16 vazn toifasida to‘liq tarkibda ishtirok etadi.
Dunyoning eng kuchli sportchilarini bir joyga jamlagan mazkur musobaqa har qachongidan shiddatli va qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lishi shubhasiz.
Ta’kidlash kerakki, yaqindagina Osiyo o‘yinlarida kurashchilarimiz yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, yorug‘ yuz bilan vatanga qaytishdi. Ostona mezbonlik qilayotgan musobaqa ham sportchilarimiz uchun omadli kelishiga ishonamiz