Iker Kasilyas o‘g‘illarini “Real Madrid” akademiyasidan olib ketishga qaror qildi
Madridning “Real” klubi sobiq darvozaboni Iker Kasilyas ikki o‘g‘lini jamoa akademiyasidan olib ketishga qaror qildi. Bunga katta o‘g‘li, 12 yoshli Martinning o‘yin amaliyoti kamaygani sabab bo‘lgan. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 12 yoshli Martin va uning 10 yoshli ukasi Lukas “Real Madrid”ning “La Fabrika” akademiyasidagi faoliyatini yakunlash arafasida. Otasi singari darvozabon sifatida shug‘ullanayotgan Martin so‘nggi vaqtlarda o‘z yosh toifasidagi asosiy tarkibdan chetda qolgan. Uning AQSHning Orlando shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirga chaqirilmagani ham qarorga ta’sir ko‘rsatgan.
Kasilyasning kichik o‘g‘li Lukas esa akademiyaning “Alevin A” jamoasida o‘ynab kelgan. U yaqinda “Barselona”ga qarshi uchrashuvda penaltilarni qaytarib, e’tiborga tushgan edi. Shunga qaramay, aka-uka faoliyatini boshqa klubda davom ettirishni ma’qul ko‘rgan. “Real” rahbariyati ularning qaroridan xabardor.
Ma’lumot uchun, Iker Kasilyas 1999–2015-yillar davomida “Real Madrid” sharafini himoya qilgan. U klub bilan besh marta Ispaniya chempionligi va uch marta Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Ispaniya terma jamoasi safida 2010-yilgi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan.