“Barselona” ikkinchi, “Manchester Yunayted” sakkizinchi: dunyoning eng ko‘p daromad oladigan futbol klubi ma’lum bo‘ldi
Dunyoning eng ko‘p daromad oladigan futbol klublari reytingida Madridning “Real” jamoasi yetakchilikni saqlab qoldi. “Qirollik klubi”ning yillik daromadi 1,16 milliard yevroni tashkil etdi. Bu haqda Deloitte kompaniyasining “Football Money League 2026” hisobotida ma’lum qilingan.
Manbaga ko‘ra, reytingning ikkinchi pog‘onasini 975 million yevro bilan “Barselona” egallagan. Kuchli uchlikni 861 million yevro daromad bilan Myunxenning “Bavariya” klubi yakunlagan. Keyingi o‘rinlardan PSJ (837 million) va “Liverpul” (836 million) joy olgan.
Oltinchi o‘rinni 829 million yevro daromad bilan “Manchester Siti” band etgan. “Arsenal” 822 million yevro bilan yettinchi, “Manchester Yunayted” esa 793 million yevro bilan sakkizinchi pog‘onadan joy olgan. Kuchli o‘nlikni “Tottenhem” (673 million) va “Chelsi” (584 million) yakunlagan.
Ma’lumot uchun, reyting klublarning 2024/25-yilgi mavsumdagi moliyaviy ko‘rsatkichlari asosida tuzilgan. Dunyoning eng ko‘p daromad oladigan 20 ta futbol klubi ushbu davrda jami 12,4 milliard yevro ishlab topgan. Bu avvalgi mavsumga nisbatan 11 foizga ko‘p.