locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Igor Litovka: \"Jahon chempionatida Oʻzbekistonga muxlislik qilaman\"

Ukrainalik darvozabonning Sports24.uz uchun eksklyuziv intervyusi!
Futbol 24 iyn 2025 da 12:12
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Igor Litovka: "Jahon chempionatida Oʻzbekistonga muxlislik qilaman"
FOTO: Instagram

"Andijon" klubining sobiq darvozaboni Igor Litovka bugungi kunda Gruziyaning "Gagra" klubida oʻynamoqda. Sports24.uz sayti ukrainalik posbon bilan suhbatlashdi.

- Eshitishimcha, kichkinaligimizda karate bilan shugʻullangansiz. Shu rostmi? Futbolga qanday oʻtgansiz?

- Ha, boshlangʻich sinfda karate bilan shugʻullanganman, ancha muvaffaqiyatli qatnashganman. Keyinchalik murabbiyim boshqa joyga koʻchib ketdi va men mashgʻulotlarga qatnashishni xohlamay qoldim. Uyda oʻtirganimda, doʻstim futbol toʻgaragiga borishni taklif qildi. Himoyachi sifatida boshlaganman. Keyinchalik oʻyinga kechikib kelganim uchun (avtobus buzilib qolgan) tarkibga kira olmadim, darvozabonimizni it tishlab olganida esa meni eng baland boʻyli sifatida darvozaga qoʻyishdi. Oʻshandan beri aynan darvozada oʻynayapman.

- Nega aynan darvozabon boʻlgansiz?

- Darvozabon - bu katta masʼuliyat, bu jamoaning yarmi. Bu kuchli psixologiya va katta bosim. Shuning uchun boʻlsa kerak, biz maydondagi futbolchilardan koʻra koʻproq faoliyat olib boramiz. Yoshimiz ulgʻaygan sari oʻyinni yaxshiroq his qilamiz.

- Qaerda tugʻilgansiz?

- Dnepropetrovsk viloyati, Nikopol shahrida. Hozir mening shahrim muntazam ravishda dronlar va raketalar bilan oʻqqa tutilmoqda. Men oʻz shahrimdagi bolalar futbolini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga harakat qilaman.

- Andijonga qanday kelib qolgansiz?

- Meni Ulugʻbek Mirzayev taklif qilgandi. Oilamiz bilan Xorvatiyada edik va oʻz kuchimni yangi chempionatda sinab koʻrishga qaror qildim.

- "Andijon" klubi siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?

- "Andijon" - bu shunchaki klub emas! Men buni takror-takror aytganman. Bu katta oila. Menga muxlislar hamon salom yoʻllab, yozib turishibdi. Tugʻilgan kunim bilan tabriklashadi. Albatta, shartnoma boʻyicha hal qilinmagan masalalar bor, ammo klub barcha majburiyatlarini bajarishiga ishonaman. Hozir klubda juda yaxshi mutaxassis ishlaydi. Yoshligimdayoq uning oʻyinlarini televizor orqali kuzatganman, keyinchalik bir maydonda oʻynashga ham muvaffaq boʻldim. Ishonchim komilki, Maksim Aleksandrovichning qoʻlidan hamma ish keladi.

- Andijonlik muxlislar haqida nima deya olasiz?

- Andijon muxlislari Respublikadagi 1-raqamli! Andijondagidek hech qaerda qoʻllab-quvvatlay olishmaydi! Hozir butun chempionatda trendni aynan bizning muxlislar belgilamoqda va qolgan muxlislar ham "Ultras Burgut"ga qarab rivojlana boshlaganini sezish mumkin. Stadion esa oʻyinlardan keyin bir necha bor mening familiyamni aytib hayqirganini hech qachon unutmayman. Bu katta hurmat belgisi va men ularga oʻz hurmatimni koʻrsatish uchun qoʻlimdan kelganini qildim.

- Qaysi gʻalabali oʻyinni hech qachon unutmay siz? Va yana bir savol qaysi magʻlubiyat siz uchun eng alamli?

- Gʻalaba qozongan oʻyinga kelsak, hissiyotlarga koʻra bu "Navbahor" bilan derbi. Neymar OChLda "Navbahor"ni yenga olmaganda, biz uyda gʻalaba qozongandik. Bu hamma uchun aql bovar qilmaydigan bayram edi. Shahar tun bo'yi uxlamagandi! Soʻnggi daqiqalarda "Soʻgʻdiyona"dan uchralgan magʻlubiyat alamli boʻldi, biz ikkita kutilmagan gol oʻtkazib yubordik. Oʻsha oʻyinda bu natijaga loyiq emasdik.

- Aleksandr Xomyakov futbolchilik davrida darvozabon edi, Aleksandr Shovkovskiy ham darvozabon boʻlgan. Futbolni tugatgach, siz ham murabbiy boʻlmoqchimisiz?

- Darvozabonlar maydondagi futbolchilardan koʻra koʻproq oʻyinga berilib ketishadi. Aynan shuning uchun koʻpincha darvozabonlar yaxshi murabbiyga aylanadi. Hozircha bosh murabbiy boʻlish haqida umuman oʻylamayapman, ammo darvozabonlar bilan ishlash - bu men oʻzimni futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimdan keyin koʻrayotgan narsam.

- Darvozabonlar orasida sizning kumiringiz kim edi?

- Futbol koʻra boshlaganimda, tabiiyki, bu Aleksandr Shovkovskiy edi. "Dinamo"ga qarshi birinchi marta maydonga tushganimda va oʻyindan keyin qoʻlimni siqib qoʻyganida, bu hayajon hozirgidek yodimda. Hozir esa kimnidir tanlash qiyin boʻladi. Har kimdan nimadir olishga harakat qilaman. Kimdir oyoqda yaxshi oʻynaydi, kimdir chiziqda. Hozir Yan Sommerni kuzatyapman. Uzoq vaqt davomida ishonchli oʻyin namoyish etmoqda. Voytsex Shchesni bu mavsumda futbolga qaytdi va deyarli barcha musobaqada gʻalaba qozondi.

- Ukraina terma jamoasi faqat bir marta jahon chempionatiga chiqqan. U yerda ham chorak finalga chiqib, kichik sensatsiya yaratgandi. Nima deb oʻylaysiz, JCH-2026ga chiqish uchun qanday imkoniyatlar bor? Guruhingizda Fransiya, Islandiya va Ozarbayjon bor.

- Avvalo, Oʻzbekistonni tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yoʻl olgani bilan tabriklayman. Bu aql bovar qilmaydigan yutuq! Ha, bizda doimo nimadir sodir boʻladi... Bu qanchalik achinarli boʻlmasin. Hozir terma jamoada avlodlar almashmoqda. Koʻramiz, bundan nima chiqar ekan. Fransiya soʻnggi paytlarda tez-tez finallarda oʻynamoqda. Bu futbol-ku. Tomosha qilamiz va jamoamizni qoʻllab-quvvatlaymiz. Jahon chempionatida esa Oʻzbekistonga ham muxlislik qilaman.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting