Ueyn Runi hayotidagi eng og‘ir davr haqida gapirdi: «O‘z jonimga qasd qilish haqida o‘ylaganman»
«Manchester Yunayted» va Angliya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Ueyn Runi futbolchilik faoliyati davomida ruhiy jihatdan juda og‘ir davrni boshdan kechirganini tan oldi. U hatto o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylaganini, bu paytda alkogolga qaramlik bilan ham kurashganini ma’lum qildi.
41 yoshli Runi Gabbi Logan bilan «Life at the Halfway Point» podkastida ishtirok etib, hayotidagi murakkab davr haqida ochiq gapirdi. Sobiq futbolchi o‘g‘li Kay tug‘ilganidan keyingi davrda maydondan tashqaridagi muammolarni yengib o‘ta olmaganini esladi.
Runi o‘sha paytda og‘ir ruhiy holatda ekanini anglagan, biroq o‘g‘lining uni bunday ahvolda ko‘rishini istamagan. Shu sababli u atrofidagi insonlardan uzoqlashib, o‘zini yolg‘izlikka mahkum qilgan. Vaqt o‘tishi bilan esa o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar ham paydo bo‘lgan.
«Ortga qarab, o‘sha paytda xudbinlik qilganman, deb aytishim mumkin. Ammo juda og‘ir davrni boshdan kechirayotganimni bilardim. Kayning meni bunday holatda ko‘rishini istamaganim uchun odamlardan uzoqlashdim», — dedi Runi.
U so‘zida davom etdi:
«Hatto o‘z jonimga qasd qilish haqida ham o‘ylay boshlagandim. Hech kimni ko‘rishni, ko‘chada tanishlarim bilan uchrashishni yoki do‘konlarga kirishni istamasdim. Faqat futbol maydonida o‘zimni yaxshi his qilardim, qolgan barcha masalalarda esa jiddiy muammolarga duch kelayotgandim».
Runi bu fikrlari orqali futbol maydonidagi muvaffaqiyatlar ortida yashiringan shaxsiy kurashlari haqida so‘zlab berdi. O‘sha davrda u Angliya futbolining eng mashhur yulduzlaridan biri bo‘lib, «Manchester Yunayted» safida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Ueyn Runi «Manchester Yunayted» tarixidagi eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. U klub safida 559 ta uchrashuvda maydonga tushib, 253 ta gol urgan. Shuningdek, jamoa bilan besh marta Angliya Premyer-ligasida g‘olib chiqqan va 2008 yilda Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.
Runi 2020 yilda, faoliyatining so‘nggi bosqichini «Derbi Kaunti» safida o‘tkazganidan keyin professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan.