Fermin Lopes «Barselona»dan ketmoqchi emas
Kataloniyaning «Barselona» klubi yarim himoyachisi Fermin Lopes kelgusi faoliyati borasida bir to‘xtamga keldi.
Insayder Fabritsio Romanoning ijtimoiy tarmoqlarda xabar berishicha, ispaniyalik futbolchi yaqin kelajakda «ko‘k-anorranglilar» safini tark etishni rejalashtirmayapti. Yarim himoyachi kataloniyaliklar jamoasida o‘zini juda baxtli his qilmoqda va klubning muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Fermin 2023 yilning yozidan buyon «Barselona» sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilning iyun oyi oxirigacha tuzilgan. Yarim himoyachining bozor qiymati 110 million yevroga baholanmoqda.
Joriy mavsumda Fermin La Liga doirasida 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.