«Real» Aleksis Mak Allisterni 2027-yilda sotib olmoqchi
Madridning «Real» klubi 2027-yilda «Liverpul» yarim himoyachisi Aleksis Mak Allisterni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. «Qirollik klubi» 27 yoshli futbolchining ehtimoliy transfer qiymatini kamaytirish maqsadida bitimga o‘zining uch nafar futbolchisidan birini qo‘shishga tayyor. Bu haqda El Intransigente nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, madridliklar «Liverpul»ga hujumchi Braim Dias, yarim himoyachi Eduardo Kamavinga yoki himoyachi Trent Aleksander-Arnoldni taklif qilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, «qizillar» 2022-yilgi jahon chempionining transferi uchun 100 million yevro talab qilmoqda.
Mak Allister joriy mavsumda barcha musobaqalar doirasida 13 ta uchrashuvda ishtirok etib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Futbolchining «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, argentinalik yarim himoyachining bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etmoqda.