Messi MLSdagi navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib yubormaydi
«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi «Sinsinnati»ga qarshi bahsda (2:2) mavsumdagi beshinchi sariq kartochkasini olganiga qaramay, 2-noyabr kuni «New England Revolution»ga qarshi MLS uchrashuvida ishtirok eta oladi.
ESPN musobaqa reglamentiga tayanib xabar berishicha, MLSda «Ijobiy xulq-atvor uchun rag‘bat» qoidasi amal qiladi. Ushbu qoida futbolchilarga intizomli o‘yin ko‘rsatgani uchun jamg‘arilgan sariq kartochkalaridan birini bekor qilish imkonini beradi.
Agar futbolchi ketma-ket beshta uchrashuv davomida sariq yoki qizil kartochka olmasa va boshqa intizomiy jazolarga tortilmasa, uning jamg‘arilgan sariq kartochkalari sonidan avtomatik ravishda bittasi ayiriladi.
Mazkur qoidadan muntazam chempionat davomida ko‘pi bilan uch marta foydalanish mumkin.