Davron Fayziyev: \"Dovbik va Shomurodov bir-biriga yaqin darajadagi hujumchilar\"
O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi media departamenti rahbari, taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev Sports24.uz sayti bilan suhbatda terma jamoa legionerlari haqidagi savollarga javob berdi.
– Iyun oyidagi ikkita muhim bahslar arafasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari haqida qanday fikrdasiz? Masalan, Shomurodov, Masharipov va O‘runov.
– Hozir barchasi yaxshi formda. Shomurodov Italiya A Seriyasida har qachongidan ko‘ra sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. O‘runov jarohatidan qutuldi va gol urishni boshlab yubordi, Masharipov yaxshi formda.
– Lekin Husonov va Ashurmatov kabi himoyachilarimiz kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishmoqda...
– To‘g‘ri, bu ozgina xavotirga soladi. Sababi, qanchalik zo‘r mashg‘ulot qilmang, o‘yin tajribasining o‘rnini bosa olmaydi. Lekin shu bilan birga Abduqodir Husonov ham, Rustam Ashurmatov ham yuqori darajadagi murabbiylar qo‘l ostida ishlashmoqda. Ya'ni amaliyot nuqtai nazaridan pasayish kuzatilishi mumkin, ammo tajriba, zamonaviy futbol uslublari va kuchli raqobat ma'nosida ularda o‘sish bo‘ladi.
– Fayzullaev ham CSKA safida o‘tgan yildagidek ko‘p o‘ynayotganini yo‘q...
– Abbos O‘zbekiston milliy terma jamoasining oldingi yig‘inida Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘yinlardan avval ham shunday holatda edi, ya'ni klubida asosan zaxiradan maydonga tushayotgan edi. Ammo terma jamoaga kelgach, umuman boshqa rejimga tushdi va o‘zingiz ko‘rdingiz, o‘sha o‘yinlarda eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Legionerlarimiz formda bo‘lsa, jismoniy muammo yoki jarohat bo‘lmasa, yondashuv va xohish evaziga o‘yin amaliyoti yo‘qligini yopib ketadi.

– Tasavvur qilaylik, Shomurodov va Dovbik mavsum boshidan tandemda maydonga tushishganida kim ko‘proq gol urardi deb o‘ylaysiz?
– Tan olish kerak, Artyom Dovbik Yevropaning kuchli hujumchilaridan biri. O‘tgan mavsum "Jirona" tarkibida La Liga to‘purarlardan biri bo‘ldi. Bu mavsum "Roma"ning muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shmoqda. Menimcha, Shomurodov va Dovbik bir-biriga yaqin darajadagi hujumchilar. Artyom eng zo‘r yakunlovchi, Eldorning ustunligi esa orqaroqdan hujumni boshlash va uni yakunlash, qanotlarda birdek o‘ynay olishida. Ranieri aynan shu jihatlaridan to‘g‘ri foydalanyapti. Murabbiy o‘yinga ta’sir qilish kerak bo‘lgan vaziyatlarda Shomurodovni maydonga tushirmoqda, chunki u o‘sha holatga eng moslashuvchan futbolchi.
– O‘tkir Yusupov Eron chempionatiga o‘tgach, uning o‘yinida o‘sishni sezdingizmi?
– Menimcha, faqat men emas, Yusupovning o‘yinida o‘sishni hamma sezdi. Bu terma jamoa o‘yinlariga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda, O‘tkir ko‘p uchrashuvlarda penaltilarni qaytardi, seyvlar namoyish etdi. Kuchli hisoblangan Eron chempionatida doimiy ravishda asosiy tarkibda o‘ynamoqda. Osiyoning barqaror darvozabonlaridan biri va o‘ylaymanki, ayni paytda u O‘zbekistonning birinchi raqamli posboni. Boshqa mamlakat ligasida ham buni qaysidur ma’noda isbotlamoqda.