locale OZ

AQSH Senati professional boks tizimini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini ma’qulladi

Mazkur tashabbus promouterlik tashkilotlariga bokschilar reytingi, chempionlik janglari va musobaqalarni yagona tizim asosida boshqarish imkoniyatini berishi mumkin.
Boks
AQSH Senati professional boks tizimini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini ma’qulladi
Foto: Getty Images

AQSH Senati professional boksni boshqarish tizimiga jiddiy o‘zgarishlar kiritishni nazarda tutuvchi Muhammad Ali American Boxing Revival Act qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. Mazkur tashabbus promouterlik tashkilotlariga bokschilar reytingi, chempionlik janglari va musobaqalarni yagona tizim asosida boshqarish imkoniyatini berishi mumkin. Bu haqda BoxingScene nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, qonun loyihasi doirasida Unified Boxing Organizations (UBO) deb nomlanuvchi yangi tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Ushbu tuzilmalar amaldagi WBC, WBA, IBF va WBO kabi tashkilotlardan mustaqil ravishda reytinglar yuritishi hamda chempionlik bahslarini tashkil qilishi mumkin. Senatorlar tomonidan kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng hujjat qayta ko‘rib chiqish uchun Vakillar palatasiga yuboriladi.

Tashabbus tarafdorlari yangi tizim professional boksdagi tarqoq boshqaruvni soddalashtirishi va musobaqalarni tashkil etish jarayonini samaraliroq qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Biroq ayrim mutaxassislar bunday tartib yirik promouterlik kompaniyalari qo‘lida haddan tashqari ko‘p vakolat to‘planishiga olib kelishidan xavotirda. Qonun loyihasida bokschilar shartnomalari, tibbiy sug‘urta va sportchilarning huquqlarini himoya qilishga oid qo‘shimcha talablar ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, mazkur tashabbusdan UFC prezidenti Dana Uayt rahbarligidagi Zuffa Boxing tashkiloti ham manfaatdor bo‘lishi mumkin. Qonun loyihasining Senatdan o‘tishi uni to‘liq kuchga kiritmaydi. Hujjatning yangilangan shakli Vakillar palatasi tomonidan ham ma’qullanishi va tegishli qonunchilik jarayonlaridan o‘tishi kerak.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting