locale OZ

O'FF rahbari klublar direktorlari va bosh murabbiylari bilan uchrashdi

O‘FF prezidenti Oliy liga uchrashuvlari saviyasi sezilarli darajada oshgani, muxlislar va mutaxassislarning chempionatga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladi.
Futbol
O'FF rahbari klublar direktorlari va bosh murabbiylari bilan uchrashdi
photo: UFF

Bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov Oliy va Birinchi liga klublari direktorlari hamda bosh murabbiylari, viloyat futbol assotsiatsiyalari vitse-prezidentlari va O‘FF mas’ul xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda joriy mavsum Oliy liga bahslari sifatini yanada oshirish, Birinchi liga musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda futzalni rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilash va yillik kalendar ish rejasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

O‘FF prezidenti Oliy liga uchrashuvlari saviyasi sezilarli darajada oshgani, muxlislar va mutaxassislarning chempionatga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Joriy mavsumdan boshlab klublarning professional maqomda qayta tashkil etilishi, ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy faoliyatini mustaqil yuritishi muhim qadam sifatida qayd etildi. Hududlarda futbol assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda homiylarni jalb qilish va marketing faoliyatini rivojlantirish borasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Ichki musobaqalar saviyasini oshirish milliy va yoshlar terma jamoalarining salohiyatini yuksaltirish, xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishishning muhim omili ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan 2027-yil terma jamoalarimiz uchun mas’uliyatli davr bo‘lishi, ayniqsa, Jahon chempionati yo‘llanmalari o‘ynaladigan 2028-yilgi Osiyo kubogiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun kelgusi mavsum rejalarini oldindan ishlab chiqish va kuchli raqiblar bilan nazorat uchrashuvlarini tashkil etish muhimligi uqtirildi.

Yig‘ilishda yutuqlar bilan bir qatorda, klublar faoliyatidagi ayrim kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish reglamenti talablariga to‘liq rioya etilmayotgani, ayrim klublarda intizom masalalariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi.

Jumladan, ayrim futzalchilarning reglamentga zid ravishda mamlakatimiz va yaqin xorij davlatlarida o‘tkazilayotgan tijorat turnirlarida ishtirok etishi keskin tanqid qilindi. Bunday holatlar nafaqat klublar manfaatlariga, balki sportchilarning salomatligiga ham xavf tug‘dirishi ta’kidlandi. Professional shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan futzalchilar bilan bog‘liq noxush holatlarda klub va Federatsiya zimmasida ham mas’uliyat borligi alohida uqtirildi.

Shuningdek, klublarning marketing, targ‘ibot va tashviqot faoliyatini kuchaytirish, matbuot xizmatlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda muxlislar bilan ishlash tizimini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Kun tartibidagi muhim masalalardan yana biri Birinchi liga musobaqalariga tayyorgarlik bo‘ldi. Ayni paytda O‘FF Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish departamentiga rasmiy murojaat bilan chiqqan sakkizta jamoa vakillari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Ularga musobaqada ishtirok etish talablari, zimmasidagi mas’uliyat va tashkiliy vazifalar batafsil tushuntirildi.

Bundan tashqari, 2026-yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirga tayyorgarlik, 2027-yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va yillik kalendar ish rejasini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Rejani dekabr oyining birinchi yarmiga qadar tasdiqlash uchun taqdim etish bo‘yicha kelishib olindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, barchaning pirovard maqsadi — muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikni munosib qo‘llab-quvvatlash, ushbu ezgu sa’y-harakatlarga kamarbasta bo‘lish hamda o‘zbek futzalining nufuzini yanada yuksaltirishdan iborat.

Kengaytirilgan yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting