“Ferrari”ning yosh iqtidori yangi shartnomasiz qolmoqda: muammo pulda
Formula-1ning “Haas” jamoasi poygachisi Oliver Bermanning 2027-yilgi mavsum uchun shartnomasi hali ham rasmiylashtirilmagan. “Ferrari” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan britaniyalik sportchi kelasi mavsum uchun kelishuvi tasdiqlanmagan yagona poygachi bo‘lib turibdi. Bu haqda Autosport nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, muzokaralarning cho‘zilishiga Bermanning kelajakdagi sport faoliyati emas, balki yangi shartnomaning moliyaviy shartlari sabab bo‘lmoqda. “Ferrari” poygachi ustidan shartnomaviy huquqlarini saqlab qolish imkoniyatidan allaqachon foydalangan. Biroq “Haas” tomonidan taklif qilinayotgan maosh Bermanning vakillarini to‘liq qoniqtirmayapti.
“Kelasi yil uchun hali ham shartnomam yo‘qligi meni xafa qilmoqda. Bu, albatta, yoqimsiz vaziyat. Ammo kelishuvga yaqin turibmiz”, degan 21 yoshli britaniyalik poygachi. Shu bilan birga, Berman 2027-yilda boshqa jamoa safida qatnashish ehtimolini rad etib, faoliyatini aynan “Haas”da davom ettirish niyatida ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Oliver Berman 2021-yildan buyon “Ferrari” poygachilar akademiyasi tarkibida faoliyat yuritadi. Italiyaliklar uni kelajakda asosiy jamoaga jalb etish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Autosport ma’lumotiga ko‘ra, “Haas” va Berman o‘rtasidagi muzokaralar Abu-Dabidagi mavsum yakuniga qadar ijobiy hal etilishi kutilmoqda.