Sindarov va Gukesh jahon shaxmati tarixidagi eng yosh chempionlik bahsini o‘tkazadi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va Hindiston vakili Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi bahsi shaxmat tarixidan joy oladi. Har ikki sportchining 20 yoshda ekani mazkur uchrashuvni klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi tarixidagi eng yosh ishtirokchilar o‘rtasidagi bahsga aylantirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 24-noyabr kuni Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Kolonji hududida boshlanadigan bellashuvda Sindarov reyting bo‘yicha ustunlikka ega. FIDEning noyabr oyi reytingida o‘zbekistonlik shaxmatchi 2782 ochko bilan dunyoda to‘rtinchi, amaldagi chempion Gukesh esa 2710 ochko bilan 26-o‘rinni egallab turibdi. Ikki grossmeyster o‘rtasidagi farq 72 reyting ochkosini tashkil etadi.
Jahon chempionligi bahsi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Gukesh raqibining so‘nggi natijalarini yuqori baholagan. Hindistonlik grossmeyster Sindarov barqaror va kuchli o‘yin namoyish etayotganini ta’kidlab, oldinda uni jiddiy sinov kutayotganini bildirgan. Sindarov esa amaldagi chempionning avvalgi yutuqlarini e’tirof etib, uning so‘nggi natijalariga ortiqcha ahamiyat bermaslik kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindarov 2026-yilgi Nomzodlar turnirida mag‘lubiyatsiz ishtirok etib, jahon chempionligi uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritgan. Gukesh Dommaraju esa 2024-yilda xitoylik Din Lijenni mag‘lub etib, tarixdagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan. Tomonlar o‘rtasidagi bahs ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi.