Hamilton va Lekler o‘rtasidagi ziddiyat kuchaydi: “Ferrari” rahbariyati vaziyatga aralashdi
Formula-1 bo‘yicha “Ferrari” jamoasi poygachilari Lyuis Hamilton va Sharl Lekler o‘rtasidagi navbatdagi to‘qnashuv jamoa rahbariyatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Las-Vegas Gran-prisida yuz bergan hodisadan so‘ng jamoa rahbari Frederik Vasser poygachilarning harakatlarini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi. Bu haqda Motorsport.com nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, hodisa poyganing 38-aylanmasida sodir bo‘lgan. Lekler Hamiltonni quvib o‘tishga uringan paytda ularning bolidlari to‘qnashib ketgan. Natijada britaniyalik poygachi aylanib ketgan, Lekler esa hakamlar tomonidan 10 soniyalik jarimaga tortilgan. Bu ikki jamoadoshning qisqa vaqt ichida ikkinchi bor o‘zaro to‘qnashuvi bo‘ldi.
“Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Jamoaga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatildi”, deya Vasser poygachilarni tanqid qilgan. Lekler ham yuz bergan voqea uchun javobgarlikni tan olib, jamoadoshlari bilan munosabatlarni yaxshilash zarurligini ta’kidlagan. “Ferrari” rahbariyati vaziyat takrorlanmasligi uchun har ikki poygachi bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Hamilton va Lekler o‘rtasida avvalroq Meksika Gran-prisida ham kelishmovchilik yuzaga kelgan. O‘shanda ham ikki poygachi trekda o‘zaro kurash olib borib, jamoaning umumiy natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Las-Vegasdagi hodisa “Ferrari” ichidagi vaziyatni yana muhokama markaziga olib chiqdi.