Konor Makgregorning sobiq jamoadoshi 30 yoshida MMA faoliyatini yakunladi
Irlandiyalik MMA jangchisi, UFCning sobiq ikki vazn toifasidagi chempioni Konor Makgregorning sobiq jamoadoshi Jeyms Gallaxer professional faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 30 yoshli sportchi kutilmagan qarori haqida Instagram sahifasida ma’lum qilgan. Bu haqda MMA Fighting nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Gallaxer oktagondan ketishiga o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan ayrim holatlar sabab bo‘lganini bildirgan. Biroq u hozircha ushbu vaziyat tafsilotlarini oshkor qila olmasligini ta’kidlagan. Jangchining so‘zlariga ko‘ra, bu qaror sportga bo‘lgan qiziqishi yo‘qolgani yoki faoliyatini davom ettirish istagi kamaygani bilan bog‘liq emas.
“Faoliyatim aynan shunday yakunlanishini istamagandim. Bu men osonlikcha qabul qilgan qaror emas. Nazoratimdan tashqaridagi holatlar meni butun umrimni bag‘ishlagan sport turini tark etishga majbur qildi. Vaqti kelganda, hammasini tushuntirib beraman”, deb yozgan Gallaxer ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Jeyms Gallaxer professional faoliyatining katta qismini Bellator tashkilotida o‘tkazgan. U mazkur promoushenda 12 ta jang o‘tkazib, to‘qqizta g‘alabaga erishgan. Irlandiyalik sportchi faoliyatini umumiy hisobda 13 ta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyat bilan yakunladi.