Senegaldan olib qo‘yilgan Afrika kubogi taqdiri 24-noyabr kuni hal bo‘ladi
Sport arbitraj sudi (CAS) Senegal terma jamoasining Afrika millatlar kubogi chempionlik unvonidan mahrum etilishiga qarshi shikoyati yuzasidan yakuniy qaror chiqaradigan sanani e’lon qildi. Sudning ma’lum qilishicha, tegishli hukm 24-noyabr kuni e’lon qilinadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mojaro 2026-yil yanvar oyida Senegal va Marokash terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan Afrika millatlar kubogi finalidan keyin yuzaga kelgan. Senegal qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, keyinchalik Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) jamoani chempionlik unvonidan mahrum qilgan. Bunga senegallik futbolchilarning uchrashuv davomida hakam qaroriga norozilik bildirib, maydonni vaqtincha tark etgani sabab bo‘lgan.
CAF apellyatsiya qo‘mitasi Senegalni texnik mag‘lubiyatga uchragan deb topib, Marokashga 3:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etgan. Bunga javoban Senegal futbol federatsiyasi qaror ustidan CASga shikoyat kiritgan. Tomonlarning dalillari oktyabr oyida Shveysariyaning Lozanna shahrida ko‘rib chiqilgan, biroq yakuniy hukmni tayyorlash uchun qo‘shimcha vaqt talab etilgan.
Ma’lumot uchun, Senegal terma jamoasi vakillari hakam uchrashuvni davom ettirishga ruxsat bergani va bahs belgilangan tartibda yakunlanganini asosiy dalillardan biri sifatida keltirmoqda. CASning 24-noyabrdagi qarori Senegalning chempionlik unvoni tiklanishi yoki Marokash foydasiga chiqarilgan hukm o‘z kuchida qolishini belgilab beradi.