“Chelsi” rahbariyati Xabi Alonsoning kelajagi bo‘yicha qaror qabul qildi — OAV
Londonning “Chelsi” klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsoni iste’foga chiqarishni rejalashtirmayapti. Ispaniyalik mutaxassisning kelajagi so‘nggi haftalarda qayd etilgan qoniqarsiz natijalardan so‘ng muhokama mavzusiga aylangan. Bu haqda FootballTransfers nashri Daily Mail ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klub rahbariyati Alonsoga ishonch bildirishda davom etmoqda va unga jamoadagi muammolarni bartaraf etish uchun qo‘shimcha vaqt berish niyatida. Garchi “Chelsi” so‘nggi to‘rtta Premyer-liga uchrashuvining uchtasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, murabbiyni zudlik bilan almashtirish masalasi kun tartibida emas.
Shu bilan birga, jamoaning sobiq futbolchisi Jeyson Kandi klubning hozirgi holatini keskin tanqid qilgan. Uning fikricha, yaqin haftalarda ijobiy o‘zgarish kuzatilmasa, Alonsoning lavozimi xavf ostida qolishi mumkin. Biroq klub rahbariyati hozircha ispaniyalik mutaxassisning ishini davom ettirishini ma’qul ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, 44 yoshli Xabi Alonso 2026-yil yozida “Chelsi” bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning qo‘l ostida London klubi mavsumni barqaror o‘tkaza olmayapti. Jamoa ayni paytda Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalining sakkizinchi pog‘onasida bormoqda.