“Valensiya” yangi investorlar orqali 100 million yevro jalb qilmoqda
Ispaniyaning “Valensiya” klubi moliyaviy holatini yaxshilash uchun AQSH investorlari bilan yirik kelishuvga erishdi. Pitchwise Holdings konsorsiumi klub aksiyalarining 42 foizini sotib olish hamda qo‘shimcha 100 million yevro kapital kiritish bo‘yicha kelishuvga kelgan. Bu haqda Diario AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, yangi investorlarning mablag‘i klubning moliyaviy barqarorligini oshirish va kelajakdagi loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, kelishuv yanvar oyidagi transferlar oynasida “Valensiya”ning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytiradi.
Biroq klub yangi jalb qilingan 100 million yevroning barchasini futbolchilar transferiga sarflay olmaydi. La Liga moliyaviy qoidalari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, sport direktori Braulio Vaskes qishki transferlar uchun taxminan 8 million yevrolik qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatga ega bo‘ladi. Mablag‘ning qolgan qismi akademiya infratuzilmasi, erkaklar va ayollar jamoalari hamda yangi stadion xarajatlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, “Valensiya” joriy La Liga mavsumining dastlabki o‘nta uchrashuvida atigi olti ochko jamg‘argan va turnir jadvalida oxiridan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Klub rahbariyati qishki transferlar orqali tarkibni kuchaytirishni ustuvor vazifalardan biri deb hisoblamoqda.