“Manchester Yunayted” rahbariyati Maykl Karrikning kelajagini muhokama qilmoqda
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubida bosh murabbiy Maykl Karrikning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Mutaxassis 27-oktabr kuni ertalab Karringtondagi mashg‘ulot bazasiga yetib kelgan. Klub rahbariyati esa uning lavozimida qolishi yoki iste’foga chiqarilishi borasida yakuniy qarorni e’lon qilmagan. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Manchester Yunayted” ijrochi direktori Omar Berrada va futbol direktori Jeyson Uilkoks jamoaning so‘nggi natijalarini muhokama qilgan. Ayniqsa, “Bornmut”ga qarshi o‘z maydonida qayd etilgan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat murabbiyga bosimni yanada kuchaytirgan.
Mankunianliklar barcha musobaqalarda ketma-ket sakkizta uchrashuvdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Klub Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida 16-o‘rinda bormoqda. Karrikning ehtimoliy o‘rinbosarlari qatorida Eddi Xau va Yulian Nagelsmann nomlari tilga olinmoqda, ammo hozircha hech qanday rasmiy tayinlov amalga oshirilmagan.
Ma’lumot uchun, Maykl Karrik 2026-yil yanvar oyida “Manchester Yunayted” boshqaruvini qo‘lga olgan. Uning dastlabki muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng klub mutaxassis bilan ikki yillik shartnoma imzolagan edi. Jamoaning navbatdagi Premyer-liga uchrashuvi 31-oktabr kuni “Chelsi”ga qarshi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.