Kilian Mbappe “Real Madrid” tarixidagi eng yaxshi beshta futbolchi qatoriga kirdi
“Real Madrid” hujumchisi Kilian Mbappe klub safida eng qisqa vaqt ichida 100 ta gol urgan futbolchilar reytingida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Fransiyalik hujumchi ushbu marraga “Barselona”ga qarshi “El-Klasiko”dagi dubli orqali erishdi. Bu haqda Ispaniyaning Diario AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Mbappe 100 ta gol kiritish uchun 116 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazgan. Madrid klubi tarixida Ferens Pushkash ushbu natijaga 100, Krishtianu Ronaldu 106, Painyo 111 va Alfredo Di Stefano 114 ta o‘yinda erishgan. Mbappe bu ko‘rsatkich bo‘yicha boshqa ko‘plab mashhur hujumchilarni ortda qoldirdi.
Fransiyalik futbolchi 2024-yilda “Real Madrid”ga kelganidan buyon La Ligada 67 ta, Chempionlar ligasida 25 ta gol urgan. Qolgan sakkizta gol boshqa rasmiy turnirlarda qayd etilgan. Uning 100-goli madridliklar safidagi ikkinchi mavsumidan keyin, uchinchi mavsum boshida kiritildi.
Ma’lumot uchun, Mbappe “Real Madrid” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 23-o‘ringa ko‘tarilib, Fernando Moriyentesning natijasiga tenglashdi. U yana to‘rtta gol urgan taqdirda klub tarixidagi eng yaxshi 20 nafar to‘purar qatoriga kiradi.