“Las-Palmas” “Barselona”ning sobiq murabbiyini jamoaga olib kelmoqchi
Ispaniyaning “Las-Palmas” klubi bosh murabbiylik lavozimiga Albert Sanchesni tayinlash bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichiga yetib keldi. Kataloniyalik mutaxassis hozirda Fransiyaning “Dyunkerk” klubini boshqarmoqda va faoliyatini Ispaniyada davom ettirishi mumkin. Bu haqda Diario AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Las-Palmas” rahbariyati Sanches bilan kelishuvga erishgan. Biroq uning yangi lavozimga kirishishi “Dyunkerk” bilan amaldagi shartnomasini bekor qilish masalasi hal etilishiga bog‘liq. Tomonlar moliyaviy shartlar yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda.
“Las-Palmas” rahbariyati yangi murabbiy kelishini shu hafta ichida rasman e’lon qilishga umid qilmoqda. Ayni paytda jamoani vaqtincha Xuan Manuel Rodriges boshqarib turibdi. Sanchesning asosiy vazifasi klubning qoniqarsiz natijalariga barham berish va turnir jadvalidagi holatini yaxshilashdan iborat bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Albert Sanches ilgari “Barselona”ning zaxira jamoasi — “Barsa Atletik”ni boshqargan. Shuningdek, u “Espanyol” akademiyasida ham faoliyat yuritgan. Mutaxassis 2025-yilda Fransiyaning “Dyunkerk” klubiga kelgan va jamoani Liga 2 turnir jadvalining o‘ninchi pog‘onasiga olib chiqqan.