locale OZ

Lui Saha: «Manchester Yunayted» ortga ketdi, yosh hujumchilarga tayanish esa katta xato»

«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Lui Saha klubning so‘nggi yillardagi transfer siyosatini tanqid qildi.
Futbol
Lui Saha: «Manchester Yunayted» ortga ketdi, yosh hujumchilarga tayanish esa katta xato»
photo: gettyimages

«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Lui Saha klubning so‘nggi yillardagi transfer siyosatini tanqid qildi. Uning fikricha, jamoa tarkibi kuchayish o‘rniga zaiflashgan, tajribasiz hujumchilarga asosiy mas’uliyatni yuklash esa jiddiy xatodir.

Angliya Premer-ligasida ikki marta g‘olib chiqqan sobiq futbolchi «Manchester Yunayted»ning hozirgi holatiga keskin baho berdi. Undan Jeyson Uilkok boshchiligidagi rahbariyat va INEOS tomonidan yo‘lga qo‘yilgan transfer siyosati kutilgan natijani berayotgan-bermayotgani so‘raldi.

«Yo‘q, mutlaqo unday emas. Bu juda aniq. Buni tushunish uchun futbolni chuqur bilish ham shart emas. Hatto futbolni ko‘p kuzatmaydigan turmush o‘rtog‘im ham o‘yinlarni ko‘rib, vaziyatga oddiy baho bera oladi», — dedi Saha.

«Jamoa kuchaymadi, aksincha, zaiflashgan bo‘lishi mumkin»

Payshanba kuni «Manchester Yunayted» Maykl Kerrik bilan xayrlashdi. Uning o‘rnini AQSH milliy jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino egalladi.

Biroq Saha klubdagi muammolar faqat murabbiy bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. U Kasemiro kabi tajribali futbolchilarning o‘rni to‘ldirilmaganini jamoaning asosiy kamchiliklaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Sobiq hujumchining fikricha, hozirgi yarimhimoyada yuqori saviyadagi o‘yinlarni nazorat qilish uchun zarur jismoniy kuch va tajriba yetishmayapti.

«Jamoa kuchaymagani aniq. Hatto vaziyat avvalgidan yomonlashgan bo‘lishi ham mumkin. Kasemiro jamoa uchun muhim futbolchi edi. U kerakli paytda tajribasi va tajovuzkorligi bilan yordam bera olardi. Menimcha, bizga jismoniy kuch yetishmayapti», — deya Sahaning so‘zlarini keltiradi FootballPredictions.com.

Sobiq futbolchi «Manchester Yunayted»ning hujum chizig‘idagi transfer siyosatidan ham xavotir bildirdi. Uning fikricha, klub yosh va tajribasiz xorijlik futbolchilarga asosiy hujumchi vazifasini yuklash orqali ularga ortiqcha bosim o‘tkazmoqda.

«Boshqa jamoalarga hurmatsizlik qilmagan holda aytishim mumkinki, bu o‘zgacha klub. «Manchester Yunayted» Chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoa. Menimcha, bunday klubning asosiy hujumchisi yosh bo‘lmasligi kerak. Bu menga mantiqsiz tuyuladi.

Ayniqsa, boshqa mamlakatdan kelgan futbolchilar uchun bosim juda katta. Jamoada muammoni hal qilishi kutilayotgan, ammo yetarli tajribaga ega bo‘lmagan futbolchilar ko‘payib ketdi. Menimcha, bu katta xato. Haqiqatan ham katta xato», — dedi fransiyalik sobiq hujumchi.

Ser Aleks Fergyuson davrini, Ueyn Runi, Rud van Nistelroy va Krishtianu Ronaldu kabi hujumchilar bilan birga o‘ynagan paytlarini eslagan 48 yoshli Saha hozirgi jamoada sermahsul hujumchilar kamligidan hayratda ekanini bildirdi.

«O‘tmishni yana eslashni istamayman, ammo avvallari bir mavsumda 20 tadan gol uradigan to‘rt-besh nafar hujumchimiz bor edi. Hozir esa bunday futbolchilar bir yoki ikki nafar, xolos. Buni tushunmayapman», — deya xulosa qildi Saha.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting