U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentyabrdan 9-oktyabrgacha o‘tkaziladi
2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan U-20 futbol bo‘yicha Jahon chempionati 17-sentyabrdan 9-oktyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Turnirda 24 ta terma jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qilishicha, musobaqa sanalari 22-oktabr kuni FIFA Kengashi byurosi yig‘ilishida tasdiqlangan.
FIFA turnir o‘yinlariga borishni istagan muxlislar uchun dastlabki ro‘yxatdan o‘tish jarayonini ham boshladi. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar chiptalar savdosi boshlangani haqida xabarnoma oladi. Hozircha chiptalar narxi va ularning qachondan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilinmagan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon 2025-yil oktabrida musobaqani birgalikda o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan edi. 2026-yil oktyabrida esa FIFA turnirning rasmiy ramzlari va "U Shape The Game" shiorini taqdim etdi.
2027-yilgi musobaqa U-20 Jahon chempionatlari tarixidagi 25-turnir bo‘ladi. U, shuningdek, 1977-yilda Tunisda o‘tkazilgan ilk musobaqaning 50 yilligiga to‘g‘ri keladi.