Saidazamat Mirsaidov: «Biz esa maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, raqibni mag‘lub etish»
"Navbahor" himoyachisi Saidazamat Mirsaidov Superliganing 22-turidan o‘rin olgan "Dinamo"ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
25 yoshli futbolchi Samarqand jamoasini kuchli raqib sifatida baholab, Vadim Abramov boshqaruvidagi "Dinamo" joriy mavsumda yaxshi natijalar ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
"Bo‘lajak raqib borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, "Dinamo" "chaqilmas yong‘oq" bo‘lgan jamoalardan biri. Klubni mamlakatimizning taniqli va tajribali mutaxassislaridan biri Vadim Abramov boshqarmoqda. Uning qo‘l ostida samarqandliklar joriy mavsumda yaxshi natijalar qayd etishmoqda.
Shu bois, payshanba oqshomidagi o‘yinda ham "Dinamo" bizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intiladi. Bellashuv keskin kurashlar ostida o‘tishi ehtimoli yuqori.
Biz esa maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, raqibni mag‘lub etish va muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz. Ishqibozlarimiz stadionni to‘ldirib, jamoamizni munosib qo‘llab-quvvatlashadi, degan umiddaman", — dedi Mirsaidov.