PFL «Dinamo»ning hakamlik bo‘yicha bayonotini o‘rinli deb hisoblaydi
PFL «Dinamo»ning hakamlik bo‘yicha bayonotini o‘rinli deb hisoblaydi
Superliga 22-turi doirasidagi «Navbahor» — «Dinamo» uchrashuvida yuz bergan ayrim vaziyatlar bo‘yicha «Dinamo» klubi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videomaterial hamda unda o‘rtaga tashlangan savollarni PFL o‘rinli deb hisoblaydi.
«2026 yilgi mavsumda professional futbol uchrashuvlarida faoliyat olib borayotgan hakamlarning ayrim epizodlarda yo‘l qo‘yayotgan xatolari Ligani ham xavotirga solmoqda. Ayniqsa, o‘yin natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan xatolarning davomli sodir etilayotgani Superligaga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuni hisobga olgan holda, Liga o‘z vakolati doirasida ichki surishtiruv ishlarini Superliga 6-turidan keyinoq boshlagan. Jumladan, hakamlarning xalqaro maydondagi faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi masalasini ko‘targan.
Ma’lumki, hakamlarning uchrashuvlardagi faoliyati Ekspert hakamlar qo‘mitasi tomonidan tahlil qilinadi. Past baho olgan yoki jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan referilarga nisbatan jazo chorasi esa O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Liga tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlarda aynan shu jihat muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, vaqtinchalik choralar bilan cheklanish professional futbol hakamligida shaffof tizim yaratish hamda mazkur yo‘nalishni tartibga keltirish uchun yetarli emas.
Shundan kelib chiqib, Liga O‘zFHM va umuman hakamlik sohasi tizimida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish lozimligi, bunda qanday mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekani borasidagi o‘z pozitsiyasini O‘FA rahbariyatiga taqdim etdi. Tez orada mazkur masala Assotsiatsiya va Liga o‘rtasida muhokama qilinadi. Liga har qanday holatda ham tizimni o‘zgartirish zarurligi borasidagi o‘z pozitsiyasini himoya qiladi.
«Dinamo» klubi matbuot xizmati tomonidan Ligaga tegishli ko‘chma televizion stansiya masalasi ham ko‘tarilgan. Mazkur KTS o‘z ichiga 7 ta kamerani qamrab olgan bo‘lib, bunda Liga va Sport TV o‘rtasida imzolangan shartnoma bo‘yicha talablar to‘liq bajarilgan. Kameralarning 3 tasi Super Slow Motion funksiyasiga ega bo‘lib, ular takroriy lavhalarni sekinlashtirilgan holda aniq ko‘rsatib berish imkonini beradi. «Navbahor» — «Dinamo» uchrashuvidan keyin e’tiborga tushayotgan kadrlar ham aynan shuning samarasidir. Shundan kelib chiqib, mazkur holat O‘zFHM tomonidan qanday talqin qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Liga bu borada o‘rganish ishlarini olib boradi.
Liga «Dinamo» futbol klubi va uning muxlislari tomonidan bildirilayotgan e’tirozlarda asos borligini e’tirof etadi. Boisi, bahsli epizodlar klub bilan bog‘liq uchrashuvlarda ikki mavsum davomida bir necha bor kuzatilmoqda. Liga bunday holatlar sodir bo‘lganida va klub tomonidan reglamentga asosan e’tiroz taqdim etilganida, O‘zFHM vaziyatlarni qanday talqin qilishi bo‘yicha doim surishtiruv olib boradi.
Biroq «Dinamo» futbol klubi Superliga reglamentida belgilangan tartib bo‘yicha na «Qo‘qon-1912» bilan uchrashuvdan keyin, na «Navbahor» bilan o‘yin yakunida rasmiy shikoyat arizasi kiritdi. E’tiroz faqat klub matbuot xizmati tomonidan keng jamoatchilikka olib chiqildi.
Mazkur nuqtada Liga «Dinamo» klubi matbuot xizmatining shubha va e’tirozlarida jon bor deb hisoblaydi. O‘z navbatida, klub rahbariyatini bu kabi holatlarga reglament asosida munosabat bildirishga chaqiradi.
Zero, Liga hakamlik sohasini isloh qilish yuzasidan kiritgan taklifida hakamlik bilan bog‘liq barcha holatlar faqat sobiq hakamlar tomonidan ko‘rib chiqilayotganiga e’tiroz bildirib, bu jarayonda klublarning rolini oshirishga alohida urg‘u qaratgan. Shuningdek, bahsli vaziyatlar nafaqat hakamlar, balki sobiq futbolchilar ishtirokida ham ko‘rib chiqilishi hamda har qanday bahsli epizod O‘zFHM mutaxassislari tomonidan keng jamoatchilik uchun ochiq tarzda sharhlab berilishi lozimligi qayd etilgan», - deyiladi PFL xabarida.
Ma’lumot uchun, bugunga kelib Liga hakamlik sohasini isloh qilish bo‘yicha o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega. Tez orada mazkur masala Superliga va Proliga klublari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilinishi ham ta’kidlangan.