Pol Skoulz “Manchester Yunayted”ni qutqara oladigan murabbiyni aytdi
“Manchester Yunayted” afsonasi Pol Skoulz jamoaning bosh murabbiyligi uchun Antonio Konteni eng munosib nomzod deb hisoblashini bildirdi. Sobiq yarim himoyachining fikricha, italiyalik mutaxassis klubni yana Angliya chempionligi uchun kurashadigan darajaga qaytarishi mumkin. Bu haqda Championat nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Skoulz “The Good, The Bad & The Football” podkastida Kontening tajribasi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini alohida ta’kidlagan. Uning fikricha, “Manchester Yunayted”ga aynan jamoani keskin o‘zgartira oladigan, talabchan murabbiy kerak.
Skoulz Kontening hissiyotga beriluvchan va murakkab xarakterga ega ekanini tan olgan. Biroq bu jihatlar uning muvaffaqiyatlarini inkor etmasligini aytgan. Sobiq futbolchi italiyalik mutaxassis klubda atigi bir yarim yil ishlab, jamoani chempionlik uchun kurashga qaytara olsa ham, buni katta yutuq deb hisoblashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Antonio Konte murabbiylik faoliyati davomida “Yuventus”, “Chelsi”, “Inter” va “Napoli” kabi klublarni boshqargan. U Italiya va Angliya chempionatlarida g‘olib chiqqan. “Manchester Yunayted”da esa Maykl Karrikning kelajagi yuzasidan turli taxminlar tarqalmoqda.