Kanelo Alvares chempionlik kamarini qaytarish uchun ringga chiqadi
Meksikalik boks yulduzi Saul “Kanelo” Alvares navbatdagi jangida mag‘lubiyatsiz Kristian Mbilliga qarshi ringga chiqadi. Tomonlar super o‘rta vazn toifasidagi WBC chempionlik kamari uchun kurash olib boradi. Bu haqda MMA Fighting nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, jang 31-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etiladi. Musobaqa “Mexico vs. the World” nomi ostida o‘tkaziladi. Alvares avvalgi jangida Terens Kroufordga imkoniyatni boy berganidan keyin yana chempionlik kamarini qo‘lga kiritishga urinadi.
Uning raqibi Kristian Mbilli esa professional faoliyatida hali mag‘lubiyatga uchramagan. Mbilli so‘nggi jangida Lester Martines bilan durang qayd etgan. Shu bois Kanelo uchun navbatdagi to‘qnashuv oson kechmasligi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Kristian Mbillining professional rekordida 29 ta g‘alaba va bitta durang bor. U 24 ta jangini nokaut bilan yakunlagan. Turnirda Xayme Munguya, Rafael Espinoza va boshqa taniqli bokschilar ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.