“Oltin to‘p” sohibi Keynning iqtidoriga bir vaqtlar ishonishmagan
2026-yilgi “Oltin to‘p” sohibi Harri Keyn faoliyatining dastlabki yillarida yetarlicha yuqori baholanmagan. Angliyalik hujumchining kelajakda “Tottenhem”ning asosiy jamoasida o‘ynay olishiga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgan. Bu haqda uning sobiq murabbiyi Garri Rednapp The Sun nashriga ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 2011-yilda 17 yoshli Keyn “Tottenhem”dan “Leyton Orient” klubiga ijaraga berilgan. O‘sha paytda klub rahbari Barri Hern londonliklar safidan kelgan uch nafar yosh futbolchining imkoniyatlarini baholagan. U Andros Taunsend va Stiven Koulkerning kelajagiga ishongan, biroq Keyn “Tottenhem” darajasiga yeta olmaydi, degan fikrda bo‘lgan.
Rednappning eslashicha, o‘sha davrda Keynning dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biriga aylanishini tasavvur qilish qiyin edi. Shunga qaramay, futbolchi mehnati va qat’iyati orqali o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik u “Tottenhem” tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib, Yevropa futbolining yetakchi hujumchilari qatoridan joy olgan.
Ma’lumot uchun, Keyn 26-oktabr kuni Londonda o‘tkazilgan marosimda 2026-yilgi “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritdi. U ovoz berish natijalariga ko‘ra Kilian Mbappe va Lamin Yamaldan ustun keldi. Angliyalik futbolchi 2001-yildan buyon ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan ilk ingliz futbolchisiga aylandi.