locale OZ

“El-Klasiko”dagi bahsli vaziyatlar bo‘yicha hakamlar qo‘mitasi yakuniy xulosasini e’lon qildi

Qo‘mita uchrashuv bosh hakami Xuan Martines Munuera qarorlaridan birini to‘g‘ri, ikkinchisini esa xato deb topdi.
Futbol
“El-Klasiko”dagi bahsli vaziyatlar bo‘yicha hakamlar qo‘mitasi yakuniy xulosasini e’lon qildi
Foto: Getty Images

Ispaniya futbol federatsiyasining Hakamlar texnik qo‘mitasi “Barselona” va “Real Madrid” o‘rtasidagi “El-Klasiko”da yuz bergan ikki bahsli vaziyatga rasmiy baho berdi. Qo‘mita uchrashuv bosh hakami Xuan Martines Munuera qarorlaridan birini to‘g‘ri, ikkinchisini esa xato deb topdi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, dastlab “Barselona” himoyachisi Alexandro Baldening jarima maydonida qo‘li bilan o‘ynagani ko‘rib chiqilgan. Mazkur vaziyatda “Real Madrid” futbolchilari penalti belgilanishini talab qilgan, biroq hakam o‘yinni davom ettirgan edi. Qo‘mita ushbu qarorni to‘g‘ri deb topdi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, to‘p Baldening tabiiy holatda turgan qo‘liga tasodifan tekkan va penalti belgilash uchun asos bo‘lmagan.

Ikkinchi bahsli holat Joau Kanseluning “Real Madrid” futbolchisi Yan Diomandega nisbatan qo‘pollik ishlatishi bilan bog‘liq. Portugaliyalik himoyachi raqibining oyog‘iga butsasi tagi bilan zarba bergan, ammo hakam unga hech qanday kartochka ko‘rsatmagan. Hakamlar qo‘mitasi ushbu qarorni xato deb baholab, Kanselu sariq kartochka olishi kerakligini ta’kidladi. Biroq qo‘pollik haddan tashqari kuch ishlatish bilan sodir etilmagani sabab qizil kartochkaga asos yo‘qligi bildirildi.

Ma’lumot uchun, “Barselona” va “Real Madrid” o‘rtasidagi uchrashuv 25-oktabr kuni La Liganing 10-turi doirasida bo‘lib o‘tgan. “Kamp Nou” stadionidagi bahs madridliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Hakamlar qo‘mitasi mazkur vaziyatlarni har hafta e’lon qilinadigan “Tiempo de Revisión” dasturida tahlil qilib, o‘z xulosalarini jamoatchilikka taqdim etdi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting