locale OZ

Ro‘ziqul Berdiyev: «Ertaga bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi»

«Nasaf» bosh murabbiyi «Quvayt SK» jamoasiga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Futbol
Ro‘ziqul Berdiyev: «Ertaga bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi»
photo: gettyimages
Osiyo Chempionlar Ligasi 2
28.10.2026, 09.45
Nasaf Qarshi
-
Kuwait SC
-

Ertaga OCHL 2 musobaqasi doirasida Qarshida «Nasaf» Quvaytning «Quvayt SK» klubini qabul qiladi.

Ertangi o‘yin oldidan tashkil qilingan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va jamoa futbolchisi Oybek Rustamov qatnashishdi.

Ro‘ziqul Berdiyev: - Tayyorgarligimizni odatdagidek olib bordik. Oxirgi o‘yindan keyin yigitlarni tiklashga va bo‘lajak uchrashuvga tayyorlashga harakat qildik. Futbolchilarga raqibimiz haqida ma’lumotlar berdik. O‘ylaymanki, yigitlar har tarafdan bu uchrashuvga tayyor. Ertangi o‘yin hal qiluvchi o‘yinlardan biri. Bu muhim uchrashuv, shu sababli tayyorgarligimiz jiddiy. Bo‘lajak bahsda g‘alaba uchun 100 foiz kerak bo‘lsa, undan ham ko‘proq darajada harakat qilishimiz kerak bo‘ladi.

Oybek Rustamov: - Xudo xohlasa, ertangi uchrashuvga 100 foiz tayyormiz. Nasib bo‘lsa, ertaga muxlislarimizni xursand qilamiz.

- Raqibni qay darajada o‘rgandingiz?

Ro‘ziqul Berdiyev: - Raqibni juda yaxshi bilamiz. Yaqin ikki yil ichida ular bilan o‘ynagandik. O‘sha tarkibdan bizga qarshi o‘ynagan o‘yinchilardan hali ham bor. Haqiqatan bu tajribali jamoa. O‘z mamlakatining yetakchi klubi hisoblanadi. Jamoa o‘z chempionatida birinchi o‘rinda. Oxirgi turlarda raqiblarini yirik hisoblarda yutdi. Tayyorgarligi haqida ham eshitdinglar, uch kun oldin kelishgan. Ob-havoga moslashish uchun mashg‘ulotlarini Qarshi shahrida olib boryapti. Aytib o‘tganimdek, tajribali jamoa va yaxshi legionerlardan iborat. O‘yinni ham yaxshi tashkil qiladi hamda tezkor o‘ynaydigan jamoa. Shuning uchun ertangi bellashuvga jiddiy yondashamiz.

- Raqibni qaysi jihatlari «Nasaf»ga ko‘proq xavf tug‘diradi?
Ro‘ziqul Berdiyev: - Aytib o‘tganimdek, raqib ancha tezkor va texnikaga tayanib o‘ynaydigan futbolchilarga ega. Jamoa o‘yini ham shunga shakllangan. Jamoani hujum chizig‘ida malakali, tezkor o‘yinchilar o‘ynaydi. Biz buni raqibning kuchli taraflaridan biri sifatida ko‘rdik. Buni yigitlarga aytdik va o‘ylaymanki, o‘yinchilarimiz bu jihatlariga ham jiddiy e’tibor qaratishadi.

- O‘tgan turda Sharof Muhitdinov bilan Adenis Shala zaxiradan maydonga tushirilishgandi. Ularni aynan ertangi o‘yin uchun saqlaganmidingiz?

Ro‘ziqul Berdiyev: - Xuddi shunday. O‘sha kuni matbuot anjumanida qatnashmadingiz-da, o‘shanda hammasini gapirgandim, bexabar qolibsiz-da. Futbolda ham shunaqada, biror mashg‘ulotni qo‘yib yuborsangiz orqada qolib ketasiz. Albatta, bu hazil. Nafaqat ularni, balki boshqa yigitlarni ham kuchini tejash maqsadida dam bergandik. O‘ylaymanki, ertaga ular yaxshi holatda bo‘lib, jamoaga yordamlari tegishadi.

- «Nasaf»ni guruh chiqish imkoniyatini necha foizga baholaysiz?
Ro‘ziqul Berdiyev: - Muhim pallaga kirdi. Maqsadga erishadigan, natijalarni qo‘lga kiritadigan payt keldi. Ertangi uchrashuvda bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi. O‘ylaymanki, futbolchilar maydonda bor kuch va mahoratini ishga solishadi. Albatta, hali baholashga erta. Lekin guruhdan chiqmoqchi bo‘lsak ochkolar to‘plash kerak bo‘ladi.

- Osiyo Chempionlar ligasini qaysi taraflari sizga kuchli hayajon beryapti va Superliga bilan solishtirganda qanday?

Oybek Rustamov: - Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynash hamma futbolchini orzusi. Hayajon hammada bo‘lishi mumkin. Biz maydonga chiqqanimizda hayajon o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Hozirgi kunda Superligamiz ham yaxshi darajada ketyapti. Raqobat kuchli, Superligada kuchsiz jamoa yo‘q. Darajasi ozgina farq qiladi, deb o‘ylayman. Murabbiymiz aytganidek, muhim o‘yinlar pallasidamiz. Faqat g‘alaba qozonib muxlislarimizni xursand qilamiz», - deya matbuot anjumanida bosh murabbiy va futbolchining so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting