“Barselona” Xulian Alvares bilan bog‘liq ish yuzasidan jarimaga tortildi
Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi “Barselona”ni “Atletiko Madrid” hujumchisi Xulian Alvares bilan bog‘liq transfer qoidalarini buzgani uchun 602 yevro miqdorida jarimaga tortdi. Qaror Madrid klubining rasmiy shikoyati asosida qabul qilindi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” yozgi transferlar oynasida argentinalik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilgan. Biroq kataloniyaliklar futbolchi bilan muzokara boshlashdan oldin uning amaldagi klubini yozma ravishda xabardor qilmagan. Shu sababli “Atletiko” Ispaniya futbol federatsiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan.
Federatsiya intizom qo‘mitasi ishni ko‘rib chiqib, “Barselona”ni reglamentning 133-moddasi asosida aybdor deb topdi. Mazkur moddaga ko‘ra, belgilangan tartib-qoidalarni buzgan klubga 602 yevrogacha jarima qo‘llanishi mumkin. “Atletiko” FIFAga ham shikoyat yuborgan, biroq tashkilot ushbu masala o‘z vakolatiga kirmasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Xulian Alvaresning “Atletiko Madrid” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning 30-iyuniga qadar mo‘ljallangan. Qizig‘i, 2019-yilda Antuan Grizmann transferi bilan bog‘liq shunga o‘xshash mojaroda ham “Barselona” jarimaga tortilgan edi. O‘shanda kataloniyaliklar 300 yevro to‘lashga majbur bo‘lgan.