Kimmix: «Arsenal»ga qarshi o‘yinda bor kuchimizni ishga solamiz»
«Bavariya» yarim himoyachisi Yo‘shua Kimmix Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turidan o‘rin olgan Londonning «Arsenal» klubiga qarshi uchrashuv oldidan jamoadagi vaziyat haqida fikr bildirdi. Mazkur bahs 21-oktyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
«Jamoamizda jarohat olgan bir-ikki nafar futbolchi bor. Umid qilamanki, ularning jarohatlari jiddiy emas. Maykl Olise esa qizil kartochka tufayli o‘yinda ishtirok eta olmaydi.
Albatta, bu bizning vazifamizni biroz qiyinlashtiradi. Ayniqsa, bunday yuqori darajadagi muhim o‘yinda uning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi. Biroq jamoamizda yuqori saviyali futbolchilar yetarli va biz bor kuchimizni ishga solamiz. Bu uchrashuvni intiqlik bilan kutyapman», — deya Kimmixning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
Chempionlar ligasi umumiy bosqichida ikki uchrashuvdan so‘ng 4 ochko jamg‘argan «Bavariya» 10-o‘rinni egallab turibdi. «Arsenal» esa 6 ochko bilan 7-pog‘onadan joy olgan.