Fernandes: «Ikkita gol urganimizda tashabbusni boy berib qo‘ydik»
«Manchester United» yarim himoyachisi Bruno Fernandes Chempionlar ligasining 5-turida «Sporting» bilan durang o‘ynalganidan (2:2) so‘ng jamoasining taktik kamchiliklari va Angliya chempionatidagi vaziyati haqida gapirdi.
«Uchrashuvni to‘liq nazorat qildik va to‘p bilan ishonchli harakatlandik. Raqibga bir-ikkita qarshi hujum uyushtirish imkonini berdik, ammo tezda o‘z pozitsiyalarimizga qaytdik.
Raqib hisobni ochganidan keyin ham o‘yin nazoratini qo‘ldan bermadik. Biroq biz istaganchalik ko‘p vaziyat yarata olmadik. Maydonning hujum qismiga ko‘pincha bir yoki ikki nafar futbolchimiz yetib borayotgandi. Bu esa xavfli vaziyatlar yaratishni qiyinlashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda ikkita gol urdik. Aynan shu paytda bosimni oshirishimiz kerak edi, ammo aksincha, biroz ortga chekindik. Ehtimol, natijani boy berishdan xavotirlandik. Oqibatda yana gol o‘tkazib yubordik.
Endi APL bahslariga qaytamiz. U yerdagi mavqeimiz ancha beqaror ekanini tushunib turibmiz. Haqiqatan ham birlashishimiz va hozirgi vaziyatda har bir o‘yinda kurashishimiz zarurligini anglashimiz kerak», — dedi Fernandes TNT Sports efirida.