Diego Simeone: «Bu g‘alaba biz uchun juda zarur edi»
«Atletiko» bosh murabbiyi Diego Simeone Ispaniya chempionati doirasida mehmonda «Xetafe» ustidan 3:0 hisobida qo‘lga kiritilgan g‘alaba haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Futbolchilar qanday pressing qilish va «Xetafe»ga muammo tug‘dirish kerakligini yaxshi tushunishdi. Nazarimda, birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobdagi ustunligimizni yanada oshirishimiz mumkin edi. Har bir murabbiy orzu qiladigan darajadagi vaziyatlardan foydalana olmadik.
Ikkinchi bo‘limda 2:0 hisobidagi ustunlik ham ishonchli ko‘rinmayotgandi. Chunki raqibning bitta goli bizni qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin edi. Uchinchi golni urishga esa hech erisholmayotgandik. «Xetafe» xavfli vaziyatlar yaratmadi, ammo shunga qaramay, ustunligimiz yetarli emasdek tuyuldi. Yaxshiyamki, penalti belgilandi.
Bu g‘alaba biz uchun juda zarur edi. U «Barselona»ga qarshi ko‘rsatgan sifatli o‘yinimizning davomi bo‘ldi va to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanayotganimizni tasdiqladi», — deya Simeonening so‘zlarini keltirmoqda AS nashri.
Eslatib o‘tamiz, «Atletiko» ayni paytda La Liga turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Madridliklar peshqadam «Real»dan ikki, «Barselona»dan esa besh ochko ortda qolmoqda.