“Manchester Yunayted”ning yosh iqtidori “Real Madrid”ga o‘tishga yaqin
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi Jey Jey Gabriel faoliyatini Ispaniyaning “Real Madrid” jamoasida davom ettirishi mumkin. Madridliklar yosh futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralarni yakuniy bosqichga olib chiqqan. Bu haqda FootballTransfers nashri insayder Fabritsio Romanoga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Gabriel o‘z faoliyatini “Real Madrid”da davom ettirishga qaror qilgan. “Manchester Yunayted” rahbariyati ham futbolchining tanlovidan xabardor bo‘lib, uning klubdan ketishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tomonlar transferni rasmiylashtirish uchun zarur masalalarni muhokama qilishda davom etmoqda.
Romanoning ta’kidlashicha, ikki klub o‘rtasida dastlabki muzokaralar o‘tkazilgan va yaqin kunlarda muloqot davom ettirilishi kutilmoqda. Futbolchi Madridda bo‘lib turgani aytilmoqda. Shunga qaramay, transfer bo‘yicha yakuniy kelishuv hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Jey Jey Gabriel “Manchester Yunayted” akademiyasining istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etiladi. “Real Madrid” so‘nggi yillarda yosh iqtidorlarni o‘z safiga qo‘shib olishga alohida e’tibor qaratmoqda. Gabrielning ehtimoliy transferi ham klubning kelajakka yo‘naltirilgan strategiyasi doirasida ko‘rilmoqda.