FIFPRO Musiala bilan bog‘liq vaziyat sabab “Bavariya” rahbariyatini tanqid qildi
Professional futbolchilarning xalqaro kasaba uyushmasi — FIFPRO Myunxenning “Bavariya” klubi rahbariyatining Jamol Musiala shartnomasi yuzasidan bildirgan bayonotlariga e’tiroz bildirdi. Tashkilot futbolchi jarohatidan tiklanayotgan bir paytda unga nisbatan ommaviy bosim o‘tkazilayotganidan xavotirda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Bavariya”ning faxriy prezidenti Uli Xyoness, bosh ijrochi direktori Yan-Kristian Drezen hamda sobiq rahbari Karl-Xayns Rummenigge so‘nggi kunlarda Musialaning shartnomasi va maoshi yuzasidan fikr bildirgan. FIFPRO mazkur chiqishlarni futbolchi va uning vakillariga bo‘lajak muzokaralar oldidan bosim o‘tkazishga qaratilgan harakat sifatida baholagan.
Tashkilot bayonotida futbolchining sog‘lig‘i va tiklanish jarayoni birinchi o‘rinda turishi kerakligi ta’kidlangan. FIFPRO fikricha, shartnomaga oid kelishmovchiliklar ommaviy axborot vositalari orqali emas, balki klub va futbolchi vakillari o‘rtasidagi bevosita muzokaralar orqali hal qilinishi lozim.
Ma’lumot uchun, Jamol Musiala “Bavariya” va Germaniya milliy terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. Yarimhimoyachi joriy mavsumda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar va jarohatlar sabab bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan. Uning klub bilan shartnomasi atrofidagi vaziyat Germaniya futbol jamoatchiligida keng muhokama qilinmoqda.