Bruno Fernandesh “Manchester Yunayted” bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi sardori Bruno Fernandesh jamoa bilan yangi shartnoma imzolash masalasini vaqtincha ortga surganini ma’lum qildi. Portugaliyalik yarimhimoyachining kelajagi borasidagi noaniqlik klubning joriy mavsumdagi qiyin vaziyati fonida yuzaga kelgan. Bu haqda FootballTransfers nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 32 yoshli futbolchiga “Manchester Yunayted” tomonidan yangi kelishuv taklif etilgan. Biroq Fernandesh ayni paytda shartnoma muddati yoki moliyaviy shartlarni muhokama qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblamayapti. Uning ta’kidlashicha, hozirgi asosiy vazifa jamoaning natijalarini yaxshilash va klubni avvalgi mavqeyiga qaytarishdan iborat.
Futbolchi Sky Sports nashriga bergan intervyusida klub uni tarkibda saqlab qolish istagini bildirganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, u qaror qabul qilishda faqat maosh emas, balki jamoaning kelgusi sport maqsadlari ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Bruno Fernandesh 2020-yil yanvar oyida Portugaliyaning “Sporting” klubidan “Manchester Yunayted”ga o‘tgan. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakunlanadi, klubda esa kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. Italiyaning “Milan” va “Yuventus” klublari futbolchining vaziyatini kuzatib borayotgani xabar qilinmoqda.