Bahromjon Haydarov: \"Bizning jamoada asosiy homiy yo'q\"
O‘zbekiston Superligasining 11-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qo‘qon-1912” (3:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Bahromjon Haydarov qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
“Navbahor”ni bugungi chiroyli g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Raqibimiz dastlabki yigirma daqiqada tezkor futbol namoyish etdi. Biz ham bunga tayyor edik, ammo buni eplay olmadik. Odilov va Jiyanovlarning ko‘p xavf tug‘dirishi bilardik. Bugun ularni to‘xtatib qola olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa vaziyatlarimiz bo‘ladi, deb o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Keyin esa penalti va 3:0 hisobi. Shunga qaramay, futbolchilar oxirigacha kurashishdi. Imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz uchun biroz mahorat yetishmadi. Vaziyatlarning 50 foizidan foydalansak, natija boshqacha bo‘lardi.
Tezkor vingerlarni boshqa jamoalar olib qo‘ydi. Biz Superligaga endi qaytdik va bizdek jamoalar futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishda qiynalishadi. Nasib qilsa, Superliganing ishonchli ishtirokchisiga aylansak, Odilov va Jiyanov kabi mahoratli futbolchilarni safimizga jalb eta olamiz. Biz yangi jamoa tuzdik. Hali o‘zgarishlar ham bo‘ladi.
Ko‘pchilikka ma'lum bo‘lsa kerak, bizning jamoada asosiy homiy yo‘q. Viloyat hokimi imkon qadar yordam berib kelmoqda va homiy izlash jarayonida. Rahbarlarimiz Superligaga chiqish va imkon qadar yoshlarni o‘ynatish maqsadini qo‘yishgandi. Tarkibimizdagi yoshlar esa har doim ham barqaror o‘yin namoyish eta olishmayapti. Bunga 2-3 yil vaqt kerak. Masalan, “Surxon” va “So‘g‘diyona” singari klublar yoshlardan iborat yaxshi tarkib tuza olgan va Superligada munosib ishtirok etib kelmoqda. Kelajakda akademiya va bazani ishga tushirish maqsadimiz bor.
Joriy mavsumda maydon hamda mashg‘ulotlar maydonini ta'mirlash uchun ham katta mablag‘ sarflandi. Rahbarlar jamoaga e'tibor berishni istashmoqda. O‘zingiz bilasiz, Qo‘qon shahri mamlakatimiz futbolining vatani hisoblanadi. Xalqni xursand qiladigan jamoa yaratishimiz kerak. Har doim ham rejamizdagidek bo‘lmayapti, so‘nggi uchta turda yutqazdik. Qiyin vaziyatlardan birdamlik bilan chiqib keta olgan jamoa kuchli hisoblanadi.
Uchrashuvni keyinchalik ham tahlil qilib, ko‘rib chiqamiz. Hozir esa dastlabki hissiyotim bilan bo‘lishsam. Standart vaziyatlar ustida ko‘p ishlaymiz, ammo birinchi va ikkinchi gol oralig‘i juda kam bo‘ldi. Keyin esa uchinchi gol. “Navbahor” kabi jamoaga qarshi kechadigan o‘yinda 0:3 hisobidan keyin yana o‘yinga qayta olish juda qiyin",-deydi mutaxassis