locale OZ

Sergey Lushan: \"Farg'ona vodiysidan eng yaxshi futbolchilar yetishib chiqishgan\"

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
PHOTO: Telegram
O‘zbekiston Superligasi
25.05.2025, Yak.
Navbahor Namangan
3
Qo'qon-1912
0

O‘zbekiston Superligasining 11-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qo‘qon-1912” (3:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

"Bugungi bahsda g‘alaba qozonganimizdan xursandman. Uchrashuvni ikki bo‘limga bo‘ladigan bo‘lsak, menga birinchi 45 daqiqalik ko‘proq yoqdi. Tanaffusgacha yigitlar himoya va hujumda juda yaxshi harakat qilishdi. Birinchi bo‘limda yana 2 ta gol urishishimiz mumkin edi. Tanaffusdan keyin biroz xotirjamlikka berildik. Albatta, raqib ham noqulay. Joriy mavsumda jamoalar, masalan, 7 yil oldingidek, o‘yinlar namoyish etishmayapti.

Oldinlari bunday rang-baranglik yo‘q, ko‘p jamoalar bir xil uslubda o‘ynar edi. Bu yil esa har bir jamoa syurpriz taqdim etmoqda. Raqibning o‘yinini qanchalik o‘rgansang ham, bellashuvlarda o‘ylagan rejang amalga oshmay qolyapti. Ta'kidlaganimdek, “Qo‘qon-1912” noqulay va vertikal futbol o‘ynaydigan jamoa.

Birinchi bo‘limda yigitlar bir nechta vaziyatlar yaratishdi, ammo ularning barchasidan foydalana olishmadi. Shunga qaramay g‘alaba qozondik, demak, hammasi yaxshi va buning uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman hamda uchrashuv natijasi va o‘yindan qoniqish hosil qildim.

Bugun Namanganda an'anaviy “Gullar bayrami”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va yigitlar muxlislarga ikki barobar quvonch ulashishdi. Bu albatta biz uchun yoqimli. Futbolchilar ishqibozlarga bayram uyushtirib berishganidan juda xursandman.

Har bir binoning o‘z poydevori bo‘lishi kerak. Mazkur masalada Namangan viloyati hokimi bilan ko‘p gaplashganman. Buni allaqachon amalga oshirish lozim edi. Lekin qandaydir sabablarga ko‘ra, bu amalga oshmayotgandi. “Navbahor” singari o‘z nomiga ega klub o‘z akademiyasiga ega bo‘lganligi munosabati bilan Namangan shahri aholisi, klub vakillari va muxlislarni tabriklayman. An'anaga ko‘ra, besh yildan so‘ng, akademiya tarbiyalanuvchilari asosiy jamoa tarkibida paydo bo‘lishadi, degan umiddaman.

O‘zingiz ko‘rib turibsiz, zamonaviy futbol biznesga aylanib ketgan. Klublar o‘z tarbiyalanuvchilarini sotish orqali daromad qilishmoqda. Ayrim klublar esa tarbiyalanuvchilarning transferlaridan kelib tushgan mablag‘lar evaziga faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Bunga misollar juda ko‘p. Masalan, “Sporting”. “Navbahor” ham shunday darajaga yetib keladi degan umiddaman. Jamoa byudjetining bir qismini bo‘lsa ham qoplay olishi kerak.

Zamonaviy bizesda barchasi mablag‘ga borib taqaladi. Muhimi, hammani sotib yuborish emas, balansni topa olish. “Bunyodkor”dagi faoliyatim hamda tajribamdan kelib chiqib, bu ish oson emasligini ayta olaman. Namangandan, umuman olganda, Farg‘ona vodiysidan eng yaxshi futbolchilar yetishib chiqishgan. Nasib qilsa, akademiyamizda shug‘ullanadigan yoshlar kelajakda muvaffaqiyatli futbolchi bo‘la olishadi",-deydi mutaxassis

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting