locale OZ

Bahodir Ahmedov — O‘zbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi

Ahmedov avval ham milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.
Futbol
Bahodir Ahmedov — O‘zbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi
Фото: Ўзбекистон футзали

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq, Bahodir Ahmedov O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

«Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes salomatligi sababli lavozimidan ketganidan so‘ng, federatsiya tomonidan milliy jamoa bosh murabbiyligiga bir qator mahalliy va xorijlik nomzodlar ko‘rib chiqildi. Yakunda milliy futzalimizni ichidan yaxshi biladigan, uning rivojiga katta hissa qo‘shgan va xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan mutaxassis — Bahodir Yo‘ldoshboyevich Ahmedov nomzodi ma’qullandi.

Bahodir Ahmedov 1976-yil 9-sentabrda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tug‘ilgan. Futzalchilik faoliyatini ushbu sport turi mamlakatimizga kirib kelgan ilk yillarda Chirchiq shahrining «Splav», «Elektrokimyosanoat» va «Soliqchi» jamoalarida boshlagan. Keyinchalik «Yunusobod» DJQA, «Ardus» hamda «Stroitel Zarafshon» klublarida to‘p tepgan va mamlakat chempioni bo‘lgan.

Murabbiy sifatida ham Ahmedov salmoqli natijalarga erishgan. «Maksam-Chirchiq» jamoasini chempionat sovrindorlari qatoriga olib chiqqan, «Jizzax-Kenteks» bilan esa O‘zbekiston chempionligiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, ko‘plab iqtidorli futzalchilarning kamol topishida muhim o‘rin tutgan.

Bahodir Ahmedov milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida avval ham faoliyat yuritgan. Uning boshchiligida O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogida ikki marta bronza medallarini qo‘lga kiritgan. 2021-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etib, guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan va pley-offda o‘ynagan.

Bahodir Ahmedov bilan O‘zbekiston milliy jamoasini 2028-yilgi Osiyo chempionatining yakuniga qadar boshqarishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyini keng futzal jamoatchiligiga tanishtirish marosimi vaqti va manzili haqida qo‘shimcha ma’lumot beramiz.

Ahmedovga yangi mas’uliyatli vazifada omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!»
— deb yozadi O‘FF matbuot xizmati.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting