Asror G‘ofurov: \"Bangladeshda 2-3 ta yaxshi stadion bor xolos\"
So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik futbolchilarning Bangladesh chempionatiga ko‘chib o‘tishi odatiy holga aylangan. Bu yilgi mavsumda mazkur mamlakatda 11 nafar hamyurtimiz faoliyat olib bormoqda. Boshqa hech bir mamlakat futbolchilari soni bunchalik ko‘p emas.
Sports24.uz oxirgi ikki mavsum Bangladesh chempioni bo‘lgan yarim himoyachi Asror G‘ofurov bilan bog‘landi va bir qator savollar bilan yuzlandi. G‘ofurov 2022 yil "Saif", 2023 yil boshidan to 2024 yil yoziga qadar "Bashundhara Kings" klublarida to‘p tepdi. 2025 yil boshida yana "Bashundhara" safiga borib qo‘shildi.
– Bir necha yillar davomida Bangladeshda to‘p tepgan siz. Ayni paytda sizni bu mamlakatdagi eng sovrindor o‘zbekistonlik futbolchi deb atasak bo‘ladimi?
– Bangladeshda ikki marta chempioni bo‘lganman. Ikki bor Mustaqillik kubogini va bir marta Federatsiya kubogini qo‘lga kiritganman. Menimcha boshqa hech qaysi hamyurtimiz bu yerda bunchalik ko‘p sovrin yutmagan. Demak eng sovrindor desangiz bo‘ladi (kuladi).
– Jahonga mashhur transfermarkt portaliga ko‘ra, siz ayni paytda Bangladesh chempionatidagi eng qimmat futbolchilar orasida 2-o‘rinda ekansiz. Bu sizga bosim yuklamaydimi?
– Bu haqida bilmasdim. To‘g‘risi bu narsalarga ortiqcha e’tibor qilmayman, maydonga tushib o‘yinimni o‘ynayman xolos.

– O‘tgan yil yozda "Qizilqum"ga keldingiz va yarim yil Superligada o‘ynadingiz. Nima uchun yana Bangladeshga qaytishga qaror qildingiz?
– Qishda "Qizilqum"dan ketganimdan keyin sobiq klubimdagilar menga aloqaga chiqishdi va ikkinchi davrada yordam berishimni so‘rashdi. Rahbariyat ham, murabbiylar ham menga ishonishgani uchun "Bashundhara Kings"ga qaytishga qaror qildim.
– Bangladesh chempionatida 10 ta tur ortda qoldi va klubingiz peshqadamdan 7 ochkoga ortda qolmoqda. Chempionlik qo‘ldan ketdimi?
– Bilasiz chempionat 18 tur davom etadi. Demak oldinda yana 8 ta o‘yin bor. To‘g‘ri barchasi o‘z qo‘limizda emas, lekin 7 ochkolik farqni yo‘qqa chiqarsa bo‘ladi. Bu futbol. Biz maydonga tushib har bir bahsda g‘alaba qozonishga urinimiz, musobaqa jadvaliga oxirida qaraymiz.
– Bangladeshdagi stadionlar holati qanday darajada?
– Rostini aytsam Bangladeshda ikkita-uchta yaxshi saviyadagi stadionlar bor xolos. Qolgan maydonlar haqida bunday deb ayta olmayman. "Bashundhara Kings", "Abahani" va "Mohemmedan" klublarining stadionlarini yaxshi deya olaman.
– O‘zbekiston chempionatini tark etgan bo‘lsangiz ham Superligani kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak. Dastlabki turlarda qaysi klubning o‘yinlari sizni hayron qoldirmoqda?
– Albatta, internet orqali Superliganing o‘yinlarini kuzatyapman, tomosha qilib boryapman. Shaxsan men uchun ilk turlarda "Bunyodkor"ning o‘yini va natijalari syurpriz bo‘ldi. Jamoa ancha yaxshi start oldi.
