locale OZ

Ahror Ravshanbekov: «Jahon chempionatidan eng yaxshi to‘purar bo‘lib qaytishni xohlayman»

Tribuna.uz jurnalisti Ravshanbekov bilan suhbatlashdi.
Futbol
Ahror Ravshanbekov: «Jahon chempionatidan eng yaxshi to‘purar bo‘lib qaytishni xohlayman»
photo: UFA

Shu yilning 14 noyabr-13 dekabr kunlari Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu kichik mundialda O‘zbekiston U17 jamoamiz ham ishtirok etadi. Ayni paytda vakillarimiz jahon chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini olib borishmoqda.

U17 jamoamiz tarkibida kelajagi porloq, yulduz futbolchi bo‘lib yetishishi kutilayotgan iqtidorlar ham bor. Jumladan, o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida to‘purarligini namoyish qilgan Ahror Ravshanbekovdan ham mundialda ko‘p narsa kutilayotgani sir emas.

Andijon futboli tarbiyalanuvchisi va hozirda «Andijon» U21 safida o‘ynayotgan iste’dod egasi U17 jamoasining muhim figuralaridan biri sanaladi.

Ahror 2009 yilning 23 may sanasida Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tavallud topgan. Oilada uch farzand bo‘lib, maqolamiz qahramoni eng kichigi hisoblanadi. Futbolga akasi sababli kirib kelgan. 5-sinfda Andijon futbol akademiyasiga o‘qishga kirgan. Hozirda esa u Andijon shahridagi 31-maktabning 11-sinf o‘quvchisi.

- Ahror, 17 yoshdayoq o‘z mamlakati sharafini jahon chempionatida himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lish — har bir futbolchining orzusi. Lekin bu orzuga erishish bilan birga katta mas’uliyat ham yuklanadi. Siz bugun o‘zingizni ko‘proq omadli yigit deb his qilyapsizmi yoki oldingizdagi mas’uliyatni o‘ylab, o‘zingizga yanada katta talab qo‘yyapsizmi?

- Assalomu alaykum. Avvalo, jahon chempionatiga chiqishning o‘zi oson ish emas. Buning ortida juda katta mehnat yotibdi. Xudo xohlasa, mundialda ham o‘zimizni maksimal darajada 100 foiz ko‘rsatish niyatimiz bor.

- «Andijon» safida to‘p surayotgan futbolchi sifatida o‘smirlar jamoasiga chaqiruv olishingizda klubning hissasi qanchalik katta bo‘ldi? Ayniqsa, kattalar futbolidagi mashg‘ulotlar va tajribali futbolchilar bilan bir jamoada bo‘lish sizga nimani o‘rgatdi?

- Tabiiyki, terma jamoaga chaqirilishimda «Andijon» klubining hissasi katta. Har qanday holatda ham menga yordam berishdi va qo‘llab-quvvatladilar. Kam-ko‘stlarimni to‘ldirishib, nima kerak bo‘lsa, hammasini muhayyo qilishdi. Asosiy jamoada tajribali o‘yinchilar bilan birga shug‘ullanib, ko‘p narsalarni o‘rgandik. Tajriba to‘pladik. Xudo xohlasa, jahon chempionatida tajribalarimizni ishga solib, yordam berishga harakat qilaman.

- Rostini ayting, o‘zingizda jahon chempionatida raqiblar himoyachilariga bosh og‘rig‘i bo‘ladigan darajadagi qaysi futbolchilik xususiyatingiz bor deb hisoblaysiz? Hali qaysi jihatlaringiz ustida ko‘proq ishlashingiz kerak?

- Hali o‘z ustimda ishlaydigan jihatlarim ko‘p. Kamchiliklarim bor. Xudo xohlasa, jahon chempionatigacha bularni to‘g‘rilashga harakat qilaman. Shu bilan birga to‘pni o‘zimda yaxshi saqlayman va birga-bir holatlarda raqib o‘yinchilaridan o‘tib keta olaman. Mundialga har tomonlama shakllangan futbolchi sifatida boramiz.

- Qatardagi jahon chempionatida dunyoning eng kuchli akademiyalari tarbiyalanuvchilariga qarshi o‘ynaysiz. Siz uchun bu turnir raqiblarning nomini ko‘rish va ulardan hayiqish emas, balki o‘zingizni ulardan kam emasligingizni isbotlash maydoni bo‘ladimi?

- Jahon chempionati biz uchun bayram. Bunday musobaqalarni biz katta qiziqish, intiqlik bilan kutamiz. O‘zimizni ko‘rsatish va Yevropaga yo‘l olish uchun bu eng yaxshi chempionatlardan biri. U yerda o‘zimizni maksimal darajada ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Futbolda ba’zan bitta o‘yin, hatto bitta epizod futbolchining butun faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin. Agar jahon chempionatida hal qiluvchi vaziyatda to‘p sizga kelsa, butun mamlakat natijaga qarab turganini his qilib, mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishga tayyormisiz?

- Futbolda bunday vaziyatlar ko‘p bo‘ladi. Agar mundialda ham hal qiluvchi, yakunlovchi vaziyat bo‘lsa, buni o‘z zimmamga olishga albatta doimo tayyorman.

- Siz uchun bu mundialdagi eng katta maqsad nima: O‘zbekiston bilan tarixiy natija qayd etishmi, turnirning eng yaxshi futbolchilari qatoriga kirishmi yoki Yevropa klublari skautlarining e’tiborini qozonishmi? Yoki bularning barchasini birdek istaysizmi?

- Avvalo, maqsadimiz O‘zbekistonda hali hech kim qilmagan tarixiy natijani qayd etish. Undan keyingi maqsadlarim eng yaxshi to‘purar bo‘lish. Xudo xohlasa, Yevropaga o‘zim uchun ham yo‘l ochish niyatim bor. Shuningdek, milliy jamoamizda ham o‘ynashni xohlayman. Nasib qilsa, mundialda o‘zimni har tomonlama ko‘rsatib, keyingi yillarda milliy jamoamiz tarkibida ham to‘p tepish maqsadim bor.

- Tasavvur qiling, jahon chempionatidagi o‘yiningizdan keyin Yevropaning kuchli klubidan taklif tushdi. Bugungi Ahror bunday imkoniyatga qanday qaraydi: buni faoliyatidagi eng muhim qadam deb biladimi yoki hali o‘zini isbotlashi kerak bo‘lgan futbolchi sifatida shoshilmaslikni ma’qul ko‘radimi?

- Jahon chempionatidagi eng katta maqsadlarimdan biri Yevropaning top klublari ko‘ziga ko‘rinish. Bunday imkoniyat bo‘lsa, albatta ikkilanmasdan qabul qilardim.

- «Andijon» muxlislari sizning Qatardagi har bir harakatingizni kuzatib borishadi. Maydonga tushganingizda nafaqat O‘zbekiston, balki butun bir viloyatning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi siz bilan bo‘lishini his qilasizmi?

- Albatta, «Andijon» fan-klubi O‘zbekistondagi eng kuchlisi. Bunday muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari ostida maydonga tushish va o‘ynash futbolchiga zavq va ishtiyoq beradi.

- Yakunda biroz boshqacharoq savol: 13 dekabr kuni Qatardagi mundial yakunlanadi. Ortga qaraganingizda, bu turnirdan keyin odamlar Ahror Ravshanbekov haqida qanday fikrda bo‘lishini istardingiz va eng muhimi, o‘zingiz bu musobaqadan qanday futbolchi bo‘lib qaytishni xohlaysiz?

- Jahon chempionatidan eng yaxshi to‘purar bo‘lib qaytishni xohlayman. Shu bilan birga O‘zbekiston uchun tarixiy natijani qayd etishni istaymiz. Buning uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

- Mundialda bizning guruhda Italiya, Yamayka va KotdI’vuар terma jamoalari bor. Guruh xususida nima deya olasiz?

- Ha, guruhimizda Italiya, Yamayka va KotdI’vuар terma jamoalari bor. Ularni o‘rganib chiqyapmiz va raqiblarimizning o‘yinlarini birma-bir ko‘rib chiqib, shunga qarab harakat qilamiz.

- Milliy jamoamizning mundialga tayyorgarligi qanday ketmoqda va jahon chempionatida potensialimizni qanday baholaysiz?

- Jamoamiz mundialga 100 foiz kuch bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Futbolchilarning kayfiyati va ruhiyati joyida. Xudo xohlasa, jahon chempionatida muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi yordamida eng yaxshi natijani ko‘rsatishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting