locale OZ

Futboldagi eng ta’sirli uyga qaytishlar: Santi Kasorladan Karlos Tevezgacha

Futbolda faoliyatining so‘nggi yillarini aynan katta bo‘lgan, futbol sirlarini o‘rgangan yoki muxlisi bo‘lgan klubida o‘tkazish ko‘plab futbolchilar uchun alohida ahamiyatga ega.
Eksklyuziv yangiliklar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futboldagi eng ta’sirli uyga qaytishlar: Santi Kasorladan Karlos Tevezgacha
photo: gettyimages

Futbolda faoliyatining so‘nggi yillarini aynan katta bo‘lgan, futbol sirlarini o‘rgangan yoki muxlisi bo‘lgan klubida o‘tkazish ko‘plab futbolchilar uchun alohida ahamiyatga ega. Bunday qaytishlar nafaqat sportdagi natijalar, balki nostalgiya, sadoqat va faoliyatni chiroyli yakunlash bilan ham bog‘liq.

Faoliyatining oxiriga yaqinlashgan futbolchilar oldida odatda bir nechta yo‘l qoladi. Kimdir katta maosh evaziga boshqa chempionat yoki quyi divizionga yo‘l oladi, yana kimdir esa o‘z shahriga, tarbiya topgan klubiga qaytib, muxlislariga yana bir bor quvonch ulashishni istaydi.

Bunday transferlar ko‘pincha moliyaviy manfaatdan ko‘ra hissiy bog‘liqlik va sadoqat bilan izohlanadi. Masalan, Ander Errera 15 yillik tanaffusdan so‘ng «Real Saragosa»ga qaytib, butun maoshini klub fondiga berishga qaror qilgan.

2025-yilda Anxel Di Mariya ham «Rosario Sentral»ga erkin agent sifatida qaytdi. Argentinalik futbolchi jamoaning 1987-yildan beri ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishida muhim rol o‘ynadi.

Quyida faoliyatining so‘nggi bosqichini o‘zining bolalik klublarida o‘tkazgan yetti nafar mashhur futbolchi haqida so‘z yuritamiz.

Rui Kosta — «Benfika»

Rui Kosta o‘z avlodining eng mahoratli yarim himoyachilaridan biri bo‘lgan. U maydonda nafis harakatlari, ajoyib texnikasi va istalgan nuqtadan aniq pas bera olishi bilan ajralib turardi.

Portugaliyalik futbolchi 2001–2006-yillar davomida «Milan» safida to‘p tepib, Italiya chempionligi va UEFA Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. O‘sha davrdagi «rossoneri» tarkibida Paolo Maldini, Andrea Pirlo, Kaka va Andrey Shevchenko kabi yulduzlar ham bor edi.

Ammo Rui Kostaning futbolchilik shaxsiyati aynan «Benfika»da shakllangan. 1994-yilda klubni tark etib, «Fiorentina»ga yo‘l olganida u bir kun kelib yana Lissabonga qaytishga va’da bergandi.

U va’dasida turdi. 2006-yil may oyida «Milan» bilan shartnomasini bekor qilib, «Benfika»ga qaytdi.

Rui Kostaning qaytishi nafaqat nostalgiya bilan bog‘liq edi. U og‘ir davrni boshdan kechirayotgan klubga yordam berishni ham istardi. «Benfika» 2005/06-yilgi mavsumni chempionatdagi uchinchi o‘rin bilan yakunlagan va jamoada avvalgi birlik yo‘qolgandi.

photo: gettyimages

Rui Kostaning ilk mavsumi jarohatlar sabab to‘liq muvaffaqiyatli kechmadi. Shunga qaramay, uning tajribasi kiyinish xonasiga yangi ruh olib kirdi. «Benfika» UEFA kubogida chorakfinalgacha yetib bordi.

Keyingi mavsumda Rui Kosta to‘liq tiklanib, klubning 2007-yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

U «Benfika» safida barcha musobaqalarda 48 ta uchrashuv o‘tkazib, 7 ta gol urdi. Shulardan biri Chempionlar ligasi saralashida «Kopengagen» darvozasiga kiritilgan edi.

2007-yilgi so‘nggi o‘yinida «Benfika» «Vitoriya Setubal»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Rui Kosta muxlislarning olqishlari ostida professional faoliyatini yakunladi.

«Bugun mening to‘qqiz yoshimda boshlagan faoliyatim yakunlanmoqda» Men faoliyatimni orzu qilgan joyim — «Benfika»da tugatayotganimdan juda baxtiyorman», — degan edi u.

Keyinchalik Rui Kosta klubning sport direktori bo‘ldi. 2021-yilda esa «Benfika» prezidenti etib saylandi va hozirgacha ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda.

Diego Milito — «Rasing»

Diego Milito Yevropada faoliyatini ancha kechroq yuqori darajaga olib chiqqan futbolchilardan biri edi.

U «Jenoa» va «Real Saragosa»dagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali o‘z nomini tanitdi. Ammo uning faoliyatidagi eng katta burilish 30 yoshida, Joze Mourinyo uni «Inter»ga olib kelganida yuz berdi.

Milito 2009/10-yilgi mavsumda «Inter»ning tarixiy trebliga erishishida asosiy futbolchilardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, Chempionlar ligasi finalida «Bavariya»ga qarshi ikkita gol urib, jamoasiga bosh sovrinni olib berdi.

photo: gettyimages

San-Sirodagi yana to‘rt yillik faoliyatdan so‘ng argentinalik hujumchi o‘zining ilk professional klubi — «Rasing»ga qaytdi.

Milito ikkinchi debyutidayoq gol urdi va keyinchalik jamoani Argentina chempionligiga olib chiqdi. «Rasing» 13 yillik chempionlik sog‘inchiga barham berdi.

35 yoshli Milito mavsum davomida 17 ta o‘yinda 9 ta golga bevosita hissa qo‘shdi.

«Men bunga ishonolmayapman. Bu orzuning cho‘qqisi. Go‘yo osmonni qo‘llarim bilan ushlab turgandekman», — degan edi Milito hal qiluvchi bahsdan so‘ng.

U 2016-yilda faoliyatini yakunladi va keyinchalik «Rasing»da texnik direktor sifatida ham ishladi.

Dirk Kuyt — «Feynord»

Dirk Kuyt «Liverpul»dagi olti yillik faoliyati davomida muxlislarning sevimlisiga aylangan. Uning kuchli tomoni tinimsiz mehnati va muhim uchrashuvlarda gol urishi edi.

Niderlandiya milliy jamoasi safida 104 ta o‘yinda 24 ta gol urgan Kuyt faoliyatining eng yorqin sahifalaridan birini «Feynord»da yozdi.

U klubdagi ilk faoliyati davomida 70 ta gol urgan. 2015-yilda «Fenerbahche»dan «Feynord»ga qaytgach esa yana 38 ta gol qo‘shdi.

photo: gettyimages

2015/16-yilgi mavsumda Kuyt 23 ta gol urib, jamoaga Niderlandiya kubogini qo‘lga kiritishda yordam berdi.

Keyingi mavsumda 36 yoshli futbolchi yana muhim rol o‘ynadi. «Feynord» 18 yillik tanaffusdan so‘ng Erediviziya chempionligini qo‘lga kiritdi. Kuyt mavsumning so‘nggi turida «Herakles» darvozasiga xet-trik qayd etdi.

«Men ikki yil avval qaytganimda chempion bo‘lishimiz mumkinligini aytgandim. Hamma esa ustimdan kulgandi. Men Chempionlar ligasi va Jahon chempionati finalida o‘ynaganman, mashhur klublarda to‘p tepganman. Ammo bu faoliyatimdagi eng yaxshi lahza», — dedi Kuyt.

Chempionlikdan uch kun o‘tib, Kuyt butsalarini mixga ilib, murabbiylik faoliyatini boshladi.

Robin van Persi — «Feynord»

Robin van Persi ham «Feynord» tarbiyalanuvchisi bo‘lib, keyinchalik Angliya Premer-ligasining eng xavfli hujumchilaridan biriga aylandi.

U «Arsenal» safida porladi va 2012/13-yilgi mavsumda «Manchester Yunayted» bilan Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.

Keyinchalik faoliyatini «Fenerbahche»da davom ettirgan Van Persi 2018-yil yanvarida shartnomasini bekor qilib, 34 yoshida «Feynord»ga qaytdi.

photo: gettyimages

U dastlabki 14 uchrashuvda 7 ta gol urdi. «AZ Alkmar»ga qarshi Niderlandiya kubogi finalida esa chiroyli uslubdagi zarba bilan gol urib, jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

2018/19-yilgi mavsumda Van Persi jamoa sardori etib tayinlandi va bu uning professional futbolchi sifatidagi so‘nggi mavsumi bo‘ldi.

U barcha musobaqalarda 18 ta gol urdi. «Ayaks»ga qarshi 6:2 hisobidagi g‘alabada ikki marta gol urib, Erediviziyaning eng keksa dubl mualliflaridan biriga aylandi.

«Men futboldan zavq olishni yo‘qotgandim. Faoliyatimni zavqsiz yakunlashni istamasdim. «Feynord»da esa bu zavq yana qaytdi», — degan edi Van Persi.

2025-yilda u yana «Feynord»ga qaytdi, bu safar bosh murabbiy sifatida. U jamoani Erediviziyada ikkinchi o‘ringa olib chiqdi va Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi.

Karlos Tevez — «Boka Xuniors»

Karlos Tevez Yevropada «Manchester Yunayted», «Manchester Siti» va «Yuventus» safidagi muvaffaqiyatli faoliyati orqali dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biriga aylandi.

Ammo argentinalik futbolchining qalbi doimo «Boka Xuniors»ga tegishli bo‘lib qoldi.

Tevez 2005-yilda «Boka»ni tark etdi. Oradan 10 yil o‘tib, klubga qaytdi va 2018-yilda yana bir bor jamoa bilan shartnoma imzoladi.

Uning uchinchi va so‘nggi davri eng samaralilaridan biri bo‘ldi. Tevez uch yil davomida to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi, jumladan, ikki marta Argentina chempionligini nishonladi.

photo: gettyimages

112 ta uchrashuvda 45 ta golga bevosita hissa qo‘shgan Tevezning eng yorqin lahzalaridan biri 2019/20-yilgi mavsumning so‘nggi turida yuz berdi.

«Boka» chempionlik uchun «River Pleyt» bilan kurashayotgan edi. Tevez «Gimnasiya i Esgrima»ga qarshi uchrashuvda uzoq masofadan hal qiluvchi golni urdi. «River» esa o‘z o‘yinida durang qayd etgani sabab «Boka» chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Tevez 2021-yil iyunida professional faoliyatini yakunladi.

«Odamlar mening qonim qizil emas, ko‘k va sariq ekanini bilishadi», — degan edi u «Boka» ranglarini nazarda tutib.

Marselo — «Fluminense»

Marselo 2005-yilda «Fluminense»dan «Real Madrid»ga ko‘chib o‘tdi va Madrid klubining tarixidagi eng sovrindor futbolchilardan biriga aylandi.

U «Real Madrid» safida 25 ta sovrin qo‘lga kiritdi. 2022-yilda klubni erkin agent sifatida tark etganidan so‘ng qisqa muddat «Olimpiakos»da o‘ynadi.

Keyin esa bolalik klubiga qaytish vaqti keldi.

Marseloning «Fluminense»ga qaytishini 30 mingdan ortiq muxlis stadionda kutib oldi.

«Bu hayotimdagi eng yaxshi lahza. Men uyga qaytdim. Barchangizga rahmat. Ishonchim komil, ajoyib yil bo‘ladi», — dedi Marselo.

Uning so‘zlari tez orada haqiqatga aylandi.

photo: gettyimages

Braziliya chempionati finalida «Fluminense» «Flamengo»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va o'sha uchrashuvda Marselo ajoyib individual harakatdan so‘ng gol urdi.

Shuningdek, u «Fluminense»ning Libertadores kubogi finaligacha bo‘lgan yurishida muhim rol o‘ynadi.

Marakana stadionidagi finalda «Fluminense» «Boka Xuniors»ni qo‘shimcha vaqtda 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa Marselo ham Libertadores, ham Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan futbolchilar qatoridan joy oldi.

Finaldan so‘ng u ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

«Real Madrid» tushunadi. Bu klub darajasidagi faoliyatimdagi eng muhim sovrin. Chunki aynan «Fluminense» meni tarbiyalagan”, — dedi Marselo.

Keyinchalik «Fluminense» futbolchining sharafiga o‘z mashg‘ulot bazasini uning nomi bilan atadi.

Marselo 2025-yil fevralida professional faoliyatini rasman yakunladi.

Santi Kasorla — «Real Oviedo»

Santi Kasorla «Real Oviedo» akademiyasida yetti yil tahsil oldi. Biroq klub moliyaviy inqirozga yuz tutgani sababli u o‘smirlik davridayoq jamoani tark etishga majbur bo‘ldi.

Kasorla professional faoliyatini «Vilyarreal»da boshladi. Keyinchalik «Rekreativo», «Malaga», yana «Vilyarreal» va «As Sadd» klublarida to‘p tepdi.

Ispaniya milliy jamoasi bilan esa 2008 va 2012-yillarda Yevropa chempionligini qo‘lga kiritdi.

2012-yilda «Arsenal» Kasorlani safiga qo‘shib oldi. Ispaniyalik futbolchi London klubida muxlislarning sevimlisiga aylandi va ikki marta Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.

Qatardagi «As Sadd» safida yana oltita sovrin yutgan Kasorla 38 yoshida, 2023-yil avgustida «Real Oviedo»ga qaytdi.

U klubga qaytganidan so‘ng imkon qadar kam maosh olishga rozi bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, uning mavsumlik maoshi atigi 91 ming yevroni tashkil qilgan. Bundan tashqari, futbolchi futbolkalarining sotilishidan tushgan mablag‘ning 10 foizini akademiyaga yo‘naltirishni so‘ragan.

Kasorlaning asosiy maqsadi aniq edi: «Real Oviedo»ni 24 yillik tanaffusdan so‘ng yana La Ligaga olib chiqish.

2024/25-yilgi mavsumda bu maqsad amalga oshdi.

photo: gettyimages

«Real Oviedo» Segunda Divizionini uchinchi o‘rinda yakunlab, pley-offga chiqdi. Yarimfinalda «Almeriya» mag‘lub etildi.

Javob uchrashuvida zaxiradan maydonga tushgan Kasorla jarima zarbasidan g‘alaba golini urdi.

Finalda esa «Mirandes»ga qarshi bahsda u penaltini aniq amalga oshirdi. «Oviedo» 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, La Ligaga qaytdi.

Kasorlaning shartnomasi yakunlangan bo‘lsa-da, 40 yoshli futbolchi «Real Oviedo» bilan yana bir yilga shartnoma imzoladi.

Afsuski, jamoa yangi mavsumda La Ligani so‘nggi o‘rinda yakunlab, darhol Segunda Divizioniga qaytdi. Kasorla esa asosan zaxiradan maydonga tushib, jamoasiga yordam berishga harakat qildi.

Shunga qaramay, uning faoliyat yakuni o‘zi uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Kasorla professional futbol bilan xayrlashar ekan, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi:

«Endi hammasi yakunlanayotgan, butsalar mixga ilinayotgan va shovqin sukunatga aylanayotgan bir paytda hammasi o‘z o‘rniga tushadi. Chunki yakun istalgan joyda emas, aynan uyda bo‘ldi»

Kasorlaning hikoyasi futbolchining bolalik klubiga qaytishi qanday qilib butun faoliyatning eng ta’sirli sahifasiga aylanishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting