Bruno Fernandesh zaxiraga olinishi kerakmi? «Manchester Yunayted» sardori tanqidlar markazida
Portugaliyalik yarimhimoyachi so‘nggi uchrashuvlarda avvalgi darajasini ko‘rsata olmayapti. «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Karrik esa unga bo‘lgan ishonchini saqlab qolmoqda.
Bruno Fernadeshning «Manchester Yunayted» safidagi hozirgi holati so‘nggi haftalarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Portugaliyalik futbolchi 2020-yil yanvaridan buyon klubning asosiy yetakchilaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq yangi mavsumdagi dastlabki uchrashuvlarda uning o‘yini avvalgi darajasidan ancha past ko‘rinmoqda.
Fernandesh o‘tgan mavsumda «M.Yu»ning muvaffaqiyatlarida katta rol o‘ynadi. U 21 ta assist qayd etib, jamoaning Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishida muhim hissa qo‘shdi. Portugaliyalik yarimhimoyachi mavsum yakunida PFA tomonidan Angliya Premyer-ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ammo yangi mavsum boshlanishi bilan vaziyat o‘zgardi.
«Qizil iblislar» dastlabki yetti turda atigi 7 ochko jamg‘ardi. Jamoaning natijalari muxlislarni xavotirga solayotgan bir paytda, Bruno Fernandeshning ham hujumdagi samaradorligi keskin pasaydi.

«Lids»ga qarshi o‘yinda Fernandes tanqid qilindi
Fernandeshning so‘nggi uchrashuvlardagi eng omadsiz o‘yinlaridan biri «Lids»ga qarshi bahsda kuzatildi. «Elland Road» stadionida o‘tgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Portugaliyalik futbolchi bahs davomida bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydi. U paslarning atigi 62 foizini aniq amalga oshirdi, to‘pni 20 marta yo‘qotdi, birorta ham muvaffaqiyatli dribling qayd etmadi va oltita yakkama-yakka kurashning faqat bittasida g‘alaba qozondi.
Bundan tashqari, Fernandeshning hakam qarorlariga nisbatan noroziligi ham e’tibordan chetda qolmadi. Uchrashuv davomida futbolchi bir necha bor hissiyotlarini jilovlay olmadi.
Fernandeshning bunday xatti-harakatlari avval ham kuzatilgan. Ammo u maydonda yuqori darajadagi o'yin ko‘rsatib turgan paytda bu holatlar ko‘proq uning xarakteri sifatida qabul qilinardi. Hozir esa jamoaning natijalari yomonlashgani sababli uning hissiy reaksiyalari tobora ko‘proq tanqid qilinmoqda.
Karrik Fernandeshga ishonishda davom etmoqda
Shunga qaramay, «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Karrik Fernandeshni asosiy tarkibdan chiqarishga shoshilmayapti.
«U yaxshi. Bu katta muammo emas. U hafta o‘rtasidagi o‘yinda biroz boshqacha pozitsiyada harakat qildi, ammo umuman olganda, odatdagidek o‘ynadi. U bizning jamoamiz uchun muhim futbolchi va uzoq vaqt davomida shunday bo‘lib kelgan. Bu o‘zgarmaydi», — dedi Karrik.
Biroq murabbiyning bu qarori ham savollarni yuzaga keltirmoqda.
«Yunayted» yarim himoyasida Karlos Baleba va Andrey Santos yaxshi taassurot qoldirmoqda. Yuriy Tilemans esa hujumkor yarim himoyachi sifatida ijodkorligi bilan ajralib turibdi.
Fernandeshni asosiy tarkibda saqlab qolish uchun Karrik uni o‘ziga qulay bo‘lmagan pozitsiyalarda ham sinab ko‘rmoqda. «Atletiko Madrid»ga qarshi uchrashuvda u o‘ng qanotda o‘ynadi, «Lids»ga qarshi bahsda esa hujum chizig‘ining eng oldingi qismida harakat qildi.
Bu esa uning imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.
Mateus Kunya uchun imkoniyat
Fernandeshning hozirgi formasi fonida Mateus Kunyaning asosiy tarkibga qaytishi mumkinligi haqida ham fikrlar paydo bo‘lmoqda.
Braziliyalik futbolchi ikkinchi hujumchi yoki ichkaridan hujum qiluvchi futbolchi sifatida o‘zini ancha qulay his qiladi. Kunya, Brayan Mbeumo va Amad Diallo uchligi ortida Tilemansning ijodkorligi «Manchester Yunayted» hujumiga yangi dinamika olib kelishi mumkin.
Shu sababli Fernandeshni vaqtincha zaxiraga olish jamoaga yangi yechimlarni sinab ko‘rish imkonini berishi mumkin.

Fernandeshning statistikasi ham xavotirli
«Qizil iblislar» sardori «Manchester Yunayted» safida barcha turnirlarda o‘tkazgan so‘nggi olti uchrashuvda gol yoki assist qayd eta olmadi.
Mavsum boshida esa u «Ipsvich»ga qarshi uchrashuvda xet-trik qayd etib, Brayan Mbeumoning goliga ham assist bergandi. «Yunayted» o‘sha bahsda 5:2 hisobida g‘alaba qozongan.
Shuningdek, Fernandesh Chempionlar ligasida «Sabah»ga qarshi 4:0 hisobidagi g‘alabada ham gol urgan.
Ammo jamoa kuchli raqiblarga qarshi bahslarda ancha qiynalmoqda. «Everton»ga qarshi uchrashuvda ikki marta hisobda oldinda borib, g‘alabani qo‘ldan chiqardi. «Manchester Siti»ga qarshi mag‘lubiyatga uchradi, «Tottenhem» bilan esa durang o‘ynadi.
Ueyn Runi: «Unga tanaffus kerak»
Manchester Yunayted afsonasi Ueyn Runi ham Fernandeshning ruhiy holati haqida fikr bildirgan.
«U charchagan. Menimcha, u ichida «yana o‘sha holat boshlandi» deb o‘ylayapti. U jamoani juda ko‘p marta o‘z yelkasida ko‘tardi. Ba’zan futbolchini o‘sha rolidan olib, biroz nafas rostlashiga imkon berish kerak», — dedi Runi.
Runi fikricha, agar vaziyat shu tarzda davom etsa, Fernandesh portlashi mumkin.
Bu fikr portugaliyalik futbolchining so‘nggi o‘yinlardagi xatti-harakatlari bilan ham bog‘lanmoqda.

Jarohat ham ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin
Maykl Karrik Fernandeshning biroz jarohat bilan o‘ynayotganini ham ma’lum qilgan.
«Bu ideal holat emas, ammo nazorat qilish mumkin. Jarohat deyarli tiklangan, faqat ozgina ta’siri qolgan. Bu jiddiy muammo emas», — degan Karrik.
Bu holat Fernandeshning so‘nggi uchrashuvlardagi jismoniy holatini qisman tushuntirishi mumkin. Og‘ir mavsumdan keyin futbolchining charchashi tabiiy.
O‘tgan mavsumda u «Manchester Yunayted» uchun deyarli barcha uchrashuvlarda maydonga tushdi. Portugaliya terma jamoasi safida ham muntazam o‘ynadi.
Shu sababli jismoniy va ruhiy charchoq uning o‘yiniga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Fernandeshning kelajagi ham savol ostida
Fernandeshning «Manchester Yunayted» bilan shartnomasi kelasi yozda yakunlanadi. Biroq klubda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud.
Yozgi transfer oynasida portugaliyalik futbolchiga Saudiya Arabistoni klublari tomonidan qiziqish bo‘lgani, avvalroq esa «Al-Hilol» uning transferi uchun katta taklif bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Turkiyaning «Galatasaroy» klubi ham futbolchiga qiziqish bildirgan.
Ammo «Manchester Yunayted» Fernandeshni sotish niyatida emasligini bildirgan.
Endi esa futbolchining o‘zi ham klubdagi kelajagi haqida o‘ylayotgani ehtimoli muhokama qilinmoqda. Agar «M.Yu» jamoani kuchaytirish bo‘yicha yetarli qadamlar tashlamasa, Fernandeshning boshqa klubga ketish istagi yana paydo bo‘lishi mumkin.
Xulosa
Bruno Fernandesh hali ham «Manchester»ning eng tajribali va muhim futbolchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning klubdagi olti yillik faoliyati davomida jamoaga qo‘shgan hissasini inkor etib bo‘lmaydi.
Ammo futbolchining hozirgi formasi murabbiylar shtabini muqobil variantlarni ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkin.
Fernandeshni vaqtincha zaxiraga olish uning mavsumini yakunlash degani emas. Aksincha, qisqa tanaffus futbolchiga jismoniy va ruhiy jihatdan tiklanish, maydonga yanada katta motivatsiya bilan qaytish imkonini berishi mumkin.
«Qizil iblislar» uchun esa eng muhimi — jamoaning natijalarini yaxshilash.
Agar Fernandesh o‘zining eng yaxshi formasiga qaytsa, uning tajribasi va ijodkorligi inlgiz klubi uchun yana katta qurolga aylanishi mumkin. Ammo hozirgi holatda unga ko‘r-ko‘rona ishonishda davom etish jamoaga qanchalik foyda berishi — katta savol.