Shaxmat. Vidit Gujrathi (2708) professional shaxmatdan ketmoqchimi?
Vidit Gujrathi — hind grossmeysteri, atigi 31 yoshdaligiga qaramay, professional shaxmatdan chetlashayotganini ta'kidlamoqda.
“Men endi o‘zimni faol o‘yinchi deb hisoblamayman”, — deydi Gujrathi. “Bu ongli qaror edi: o‘tgan yil oxirida turnirlar sonini kamaytirishga qaror qildim. Bu yil ko'plab muhim, yirik musobaqalarda qatnashmadim. Hatto Grand Swiss kabi turnirlarda, ishtirokim oldindan tasdiqlangan bo‘lsa ham, oxirgi daqiqagacha o‘ynaymanmi yo‘qmi deb ikkilanib yurdim. Rostini aytsam, umuman xohish yo‘q edi”
“2024 yilgi Nomzodlar turniridan keyin o‘zimni psixologik yomon his qildim, keyin esa ichki chalkashlik boshlandi”, — deya tan oladi Gujrathi. “Maqsadga yetishim bilan (Nomzodlar turniriga chiqdim), motivatsiya yo‘qoldi. 2022–2024 yillar davomida juda og‘ir rejimda — kuniga 14–16 soatlab ishladim.
Shunda o‘zimdan so‘radim: men rostdan ham shunday hayotni davom ettirmoqchimanmi? Shunda bir qadam orqaga chekinishni xohladim. O‘zimga yoqadigan boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullana boshlaganimda esa ichki dilemmaga tushib qoldim. Shundan keyin shaxmat musobaqalarini ataylab kamaytirishga qaror qildim”.
Shaxmatdan uzoqlashgan sari Gujrathi “vayb-koding” — sun’iy intellektga yo‘naltirilgan dasturiy ta’minot yaratishga qiziqib qoldi. Hozirga kelib u professional shaxmatchilar uchun ikkita shaxmat saytini yaratgan. Shunga qaramay, u o‘yinga bo‘lgan motivatsiya yana qaytishidan umidvor.
“Qalbimning bir chekkasida hali o‘z salohiyatimni to‘liq ochmaganman, degan tuyg‘u bor. Lekin shu bilan birga tushunaman: o‘sha uch yil ichida shaxmatga bor kuchimni berdim. Natija ham bo‘ldi — agar maksimum darajada ishlasam, Nomzodlar turniriga chiqishim mumkinligini isbotladim”, — deydi u.
“Men mag‘lubiyatlarni yengib o‘ta olish borasida kuchli inson emasman. Bu mening afsuslarimdan biri: agar hissiyotlarni yaxshiroq nazorat qila olganimda, kamida 30–40 Elo reyting ochko qo‘shgan bo‘lardim (hozir reytingim 2708). Faol faoliyat davrida aynan shu jihatni yenga olmadim.
Men jarayonga shu qadar berilib ketgandimki, shaxmat bilan yashadim, nafas oldim, ovqatlandim. Lekin hech narsadan afsuslanmayman — bu yo‘ldan o‘tganimdan xursandman, chunki endi ichki xotirjamlikka erishdim: qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim”, — deya qo‘shimcha qiladi Gujrathi.
U hozircha faol o‘ynashdan chekinayotgan bo‘lsa-da — navbatdagi turnirini yanvarda, Kalkuttadagi Tata Steelda o'tkazishni reja qilgan, undan keyin esa aniq reja yo‘q bo'lsa-da, hali ayrim orzularidan voz kechgan emas. Ulardan biri — murabbiylik.
“SHuncha yo‘lni bosib o‘tgach, endi eng yuqori cho‘qqiga chiqish uchun nima kerakligini bilaman”, — deydi u. “Agar iqtidorli yosh shaxmatchi bilan ishlasam, uni haqiqatan ham keyingi bosqichga olib chiqa olaman. Balki bu men uchun jahon chempionligiga yaqinlashishning boshqa bir yo‘li bo‘lar”
Viditning o'rnida bo'lganingizda, siz qanday yo'l tutar edingiz?