Emiliano Martines finalning o‘zida Unai Simonning butun turnirdagi natijasidan ko‘proq seyv amalga oshirdi
Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines Ispaniyaga qarshi kechgan JCh-2026 final uchrashuvida (0:1) raqib posboni Unai Simonning butun turnir davomida qayd etgan ko‘rsatkichidan ko‘proq seyv ijro etdi. Hal qiluvchi bahsda Martines o‘z darvozasini 11 marotaba muqarrar goldan qutqarib qolgan bo‘lsa, Simon butun musobaqa davomida jami 10 ta seyv amalga oshirdi, xolos. Bu haqda OptaAnalyst tahliliy sahifasi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, aynan Unai Simon 2026-yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi darvozaboni deb topilgan edi. Ispaniyalik posbon turnir doirasidagi 8 ta uchrashuvda o‘z darvozasidan atigi bitta gol o‘tkazib yubordi.
2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy bergan Argentina terma jamoasi amaldagi chempion unvonini himoya qila olmadi. 2022-yili Qatarda o‘tgan turnir finalida jamoa Fransiyani mag‘lub etgandi (3:3, penaltilar bo‘yicha — 4:2).