Tarixiy g‘alabalar bilan yurtimizga qaytgan paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi
Bugun Toshkent xalqaro aeroportining 3-terminalida Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tgan V Paraosiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, mamlakatimiz para sporti tarixidagi eng yuqori natijani qayd etgan O’zbekiston delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, sport vaziri Adham Ikramov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etdi.
Marosim avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining para atletlarimizga yo‘llagan tabrigi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva tomonidan o‘qib eshittirildi. Harbiy orkestr ijrosida davlatimiz madhiyasi yangradi, Milliy gvardiya bayroqdorlari saf tortib, tantanali marosimga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, para velosport bo‘yicha jahon va Paraosiyo o‘yinlari chempioni Marjona Pardaboyeva, para suzish bo‘yicha Paraosiyo o‘yinlari chempioni Azizbek Boynazarov, uch karra Paraosiyo o‘yinlari chempioni Xurshid Kodirovning onasi Kamola Xidirboyeva hamda murabbiylar so‘zga chiqdi. Ular mamlakatimizda para sportni rivojlantirish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so’ng, tantanali marosimning badiiy qismida taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar sportchilarimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, ularning tarixiy g‘alabalariga bag‘ishlangan bayramona muhitni yanada yorqin namoyon etdi.