Shaxmatdagi maxfiy qurollar: Sindarov va Gukeshning sekundantlari haqida nimalar ma’lum?
Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun kurashga Nodirbek Abdusattorov bilan birga tayyorlanadi. Amaldagi jahon chempioni Gukeshning jamoasida esa avval Vishvanatan Anand bilan ishlagan tajribali mutaxassislar bor. Ammo bu ikki shaxmatchining tayyorgarlik jamoalari haqida nimalar ma’lum?
24-noyabr kuni Shveytsariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Koloni hududida Gukesh Dommaraju va Javohir Sindarov o‘rtasida jahon chempionligi uchun match boshlanadi. Ikkala shaxmatchi ham 20 yoshda. Bir tomonda 2024-yilda Ding Lirenni mag‘lub etib, dunyoning eng yosh jahon chempioniga aylangan Gukesh. Ikkinchi tomonda esa 2026-yilgi Nomzodlar turnirida g‘alaba qozonib, jahon tojiga da’vogarlik huquqini qo‘lga kiritgan Javohir Sindarov.
Chempionlik taqdiri ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyada hal bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi g‘olib chiqadi. Agar hisob 7:7 bo‘lsa, chempion tay-breyk orqali aniqlanadi.
Ammo bu darajadagi matchga shaxmatchilar yolg‘iz tayyorlanmaydi. Har bir kuchli yurish, kutilmagan debyut yoki raqibning zaif tomoniga qaratilgan reja ortida haftalab, ba’zan oylab olib borilgan tayyorgarlik turadi. Bu ishda shaxmatchilarga sekundantlar — murabbiylar, grossmeysterlar va tahlilchilar yordam beradi.
Ular raqibning eski partiyalarini o‘rganadi, debyutlarda yangi g‘oyalar izlaydi, turli vaziyatlarni tahlil qiladi va match davomida keyingi partiyalarga tayyorlanadi. Shu sabab jahon chempionati nafaqat ikki shaxmatchi, balki ularning ortidagi jamoalar o‘rtasidagi kurash ham hisoblanadi.
Abdusattorov Sindarov bilan tayyorlanadi

Jahon chempionati oldidan eng qiziqarli yangiliklardan biri — Nodirbek Abdusattorovning Javohir Sindarovga yordam berishidir. Nodirbek bu haqda o‘zi ma’lum qilgan. U Javohir bilan bir hafta davomida tayyorgarlik olib borishni rejalashtirgan.
Bu ikki shaxmatchi ko‘p yillardan beri bir-birini yaxshi biladi. Ular individual turnirlarda raqib bo‘lishgan, O‘zbekiston terma jamoasida esa birgalikda katta muvaffaqiyatlarga erishishgan. Jumladan, 2026-yilda Samarqandda o‘tgan Shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritishdi.
Endi esa Abdusattorov o‘zining kuchli raqobatchilaridan biri bo‘lgan Sindarovga jahon chempioni bo‘lish yo‘lida yordam beradi. Bunday hamkorlik Javohir uchun qimmatli bo‘lishi mumkin. Chunki Nodirbek ham dunyoning eng kuchli klassik shaxmatchilaridan biri va yuqori darajadagi turnirlarda katta tajribaga ega.
Abdusattorov do‘stining imkoniyatlariga juda yuqori baho bergan. Uning shaxsiy fikricha, Sindarovning Gukeshga qarshi g‘alaba qozonish ehtimoli 80 foiz. Albatta, bu matematik hisob-kitob emas, Nodirbekning match oldidan bildirgan bahosi.
Roman Vidonyak
Sindarovning tayyorgarligida yana bir muhim inson — uning ukrainalik murabbiyi Roman Vidonyak. Javohir u bilan 2025-yil yanvaridan beri ishlab kelmoqda. Bu hamkorlik shaxmatchimizning keyingi muvaffaqiyatlarida katta o‘rin tutdi.
Vidonyak ilgari Anish Giri, Vladimir Fedoseyev va Yorden van Foreyst kabi kuchli grossmeysterlar bilan ham ishlagan. Uning mashg‘ulot uslubi odatiy debyutlarni yodlash bilan cheklanmaydi. Murabbiy shaxmatchining fikrlash qobiliyati, himoyalanish mahorati, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishi va uzoq davom etadigan partiyalarda diqqatini saqlashiga alohida e’tibor beradi.
Javohirning aytishicha, Vidonyak bilan mashg‘ulotlar shunchalik qiziqarli o‘tadiki, ba’zan sakkiz soat qanday o‘tganini sezmay qolishadi. Murabbiyning o‘zi esa Nomzodlar turniridan keyin qiziqarli tafsilotni ochiqlagan.
Ular Sindarov bilan qariyb 200 ta himoyalanish vaziyatini ishlab chiqishgan. Buning natijasi Fabiano Karuanaga qarshi murakkab partiyada ham ko‘ringan. Javohir og‘ir vaziyatda aniq himoyalanib, durangga erishgan edi. Vidonyak bu kabi ko‘nikmalar muntazam mashg‘ulotlar orqali shakllanishini ta’kidlagan.
Uning oldida endi yanada katta vazifa turibdi: shogirdini jahon chempionligi uchun matchga tayyorlash.
Madaminov ham Sindarovga yordam beradimi?
Sindarov jamoasiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster — Muhiddin Madaminov. U 2026-yilgi Nomzodlar turnirida ham Javohirga yordam bergan.
Sindarov o‘sha musobaqada kuchli raqiblarni ortda qoldirib, bir tur qolganida g‘oliblikni kafolatlagan edi. Madaminovning bu safargi jahon chempionati tayyorgarligida ham qatnashishi ehtimoli yuqori.
Gukeshning murabbiyi avval Anand bilan ishlagan
Gukeshning asosiy yordamchilaridan biri — polshalik Grzegorz Gayevskiy. U ilgari Vishvanatan Anand bilan ishlagan, 2024-yilda esa Gukeshning Ding Lirenga qarshi jahon chempionati matchiga tayyorgarligida muhim rol o‘ynagan. Samarqanddagi Shaxmat olimpiadasidan keyin Gayevskiy shogirdining o‘yiniga qiziqarli baho berdi.
Gukesh 11 partiyada 8,5 ochko jamg‘arib, 4-taxtada kumush medalni qo‘lga kiritganiga qaramay, murabbiy uning ishtirokini «yaxshi, lekin a’lo emas» deb baholadi. Gayevskiyning fikricha, Gukesh bundan ham kuchliroq o‘ynay oladi. Ammo murabbiyni eng ko‘p xursand qilgan jihat — shogirdining ruhiy jihatdan kuchli ko‘ringani.
Javohir Sindarovga qarshi jahon chempionati matchi yaqinlashayotgan bir paytda Gukeshning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham uning tayyorgarligida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu safar ham u Gukesh bilan ishlashi ma’lum. Ammo 2024-yilgi jamoa faqat Gayevskiydan iborat bo‘lmagan.
Radoslav Voytashek — Anandning bir nechta jahon chempionati matchlarida qatnashgan tajribali polshalik grossmeyster.
Yan-Kshishtof Duda — dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatorida bo‘lgan yana bir polshalik grossmeyster.
Vinsent Kaymer — Germaniyaning yetakchi shaxmatchilaridan biri.
Pentala Harikrishna — Hindistonning tajribali grossmeysteri.
Bu shaxmatchilar 2024-yilda Gukeshning Ding Lirenga qarshi tayyorgarligiga hissa qo‘shgan. Jamoani shakllantirishda Vishvanatan Anandning tajribasi ham muhim bo‘lgan. Sobiq jahon chempioni Gukeshga o‘z bilimlari bilan yordam bergan va avval o‘zi bilan ishlagan ayrim mutaxassislarning yangi chempion jamoasiga qo‘shilishida rol o‘ynagan. Biroq Anandning o‘zi Gukeshning debyut tayyorgarligida bevosita qatnashmagan.
2026-yilda esa Gayevskiydan boshqa qaysi yordamchilar qaytishi hozircha ma’lum emas. Avvalgi jamoaning ayrim a’zolari yana birlashishi mumkin.
Gukeshning ayrim yordamchilari Ispaniyadan ishlagan
Qiziq tomoni, jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan barcha yordamchilar bir joyda ishlashi shart emas. 2024-yilda Gukesh va Ding Liren Singapurda o‘ynagan. Ammo Gukeshga yordam bergan ayrim grossmeysterlar Ispaniyada bo‘lib, masofadan ishlashgan. Bunda vaqt farqidan ham foydalanish mumkin.
Masalan, shaxmatchi match tugagach dam olayotgan paytda boshqa mamlakatdagi sekundantlar navbatdagi partiya uchun yangi g‘oyalarni tekshirishi mumkin. Shaxmatchi uyg‘onganida esa uni allaqachon tayyorlangan tahlillar kutib turadi.
Albatta, buning uchun jamoa ichidagi vazifalar aniq taqsimlanishi va ma’lumotlar muntazam almashib turishi kerak. Zamonaviy shaxmatda kuchli kompyuter dasturlari, katta partiyalar bazasi va masofaviy hamkorlik sekundantlar ishining ajralmas qismiga aylangan. Lekin eng muhim masala o‘zgarmaydi: topilgan g‘oyalarni shaxmatchi partiya davomida to‘g‘ri qo‘llay olishi kerak.
Nega sekundantlar sir tutiladi?
Sekundantlar jamoasi haqida hamma ma’lumotni oshkor qilish har doim ham foydali emas. Sababi oddiy: yordamchingizning kimligi raqibga tayyorgarligingiz haqida ma’lum ishora berishi mumkin. Masalan, ma’lum bir debyutni yaxshi biladigan grossmeysterning jamoaga qo‘shilgani raqibni aynan shu yo‘nalishga tayyorlanishga undashi mumkin. Shuning uchun ba’zi shaxmatchilar sekundantlarining ismlarini match boshlanguncha sir saqlashadi.
Bunga shaxmat tarixida qiziqarli misol ham bor. 2008-yilda Vishvanatan Anand va Vladimir Kramnik jahon chempionligi uchun kurashgan. Kramnik o‘z yordamchilarini Germaniyadagi mehmonxonalardan biriga joylashtirgan va ular bilan tayyorgarlik olib borgan.