Yoshlar yozgi Olimpiya o'yinlari - Dakar 2026: Sohil bo'yi eshkak eshish ilk bor Olimpiya maydonida
Har to‘rt yilda bir marotaba dunyoning eng iqtidorli yosh sportchilari Yoshlar Olimpiya o‘yinlarida jam bo‘lib, o‘z sport faoliyatidagi navbatdagi muhim qadamni tashlaydi. Bu shunchaki oddiy musobaqa emas, balki yirik multisport forumining muhitini ilk bor his etish, xalqaro maydonda o‘z mamlakati sharafini himoya qilish va bebaho tajriba orttirish imkoniyatidir. Ko‘plab ishtirokchilar uchun Yoshlar Olimpiya o‘yinlari kattalar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari sari tashlangan muhim qadam hisoblanadi.
2026-yilda ushbu nufuzli sport forumi tarixda ilk bor Afrika qit’asida tashkil etilmoqda. To‘rtinchi yozgi Yoshlar Olimpiya o‘yinlari 31-oktabrdan 13-noyabrga qadar Senegal davlatida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa va tadbirlar Dakar, Diamniadio hamda Sali shahar va hududlarida tashkil etiladi. Unda dunyoning turli mamlakatlari Milliy olimpiya qo‘mitalari vakili bo‘lgan qariyb 2700 nafar yosh sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Dakar-2026 dasturidan 25 ta sport turi o‘rin olgan bo‘lib, ularda Olimpiya medallari uchun bahslar o‘tkaziladi. Shuningdek, sportni ommalashtirishga qaratilgan maxsus dastur doirasida yana 10 ta yo‘nalish taqdim etiladi. Bu yilgi musobaqalarda eshkak eshish sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarixda ilk bor sohil bo‘yi eshkak eshish sportining Beach Sprints yo‘nalishi Yoshlar Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olmoqda. Qolaversa, ushbu yo‘nalishning Olimpiya maydonidagi debyuti kattalar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishidan ikki yil avval amalga oshadi.
Sohil bo‘yi eshkak eshish poygaları 31-oktabrdan 3-noyabrga qadar Dakardan qariyb 85 kilometr uzoqlikda joylashgan Sali sohilida o‘tkaziladi. Unda 64 nafar sportchi Olimpiya medallari uchun kurash olib boradi.
Musobaqa dasturidan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslari, shuningdek, aralash juftliklar bellashuvlari o‘rin olgan. Belgilangan ishtirok etish tartibiga ko‘ra, har bir mamlakat delegatsiyasi bellashuvlarda bir nafar o‘g‘il va bir nafar qiz sportchi bilan qatnashishi mumkin.
İshtirokchilar orasida Gretsiya vakili, 2026-yildagi U 19 Yevropa chempionati g‘olibi Yason Muselimis ham bor. Shuningdek, Fransiya vakillari Rafayel de Bussak va Eliza Giyotonning ishtiroki ham e’tiborga molik. Ular 2025-yilgi U19 jahon chempionatida sohil bo‘yi eshkak eshish bo‘yicha aralash juftliklar bahsida bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Dakar-2026 dasturidan baydarka va kanoeda eshkak eshish sporti ham o‘rin olgan. Biroq sohil bo‘yi eshkak eshishidan farqli ravishda, ushbu yo‘nalish medallar uchun kurash olib boriladigan asosiy musobaqalar dasturiga emas, balki yoshlarni sportga jalb etish va uni ommalashtirishga qaratilgan maxsus dasturga kiritilgan.
Shunday qilib, Dakarda bo‘lib Yoshlar Olimpiya o‘yinlari eshkak eshish sportini rivojlantirish, uning geografiyasini kengaytirio‘ va yangi avlod sportchilarini ushbu yo‘nalishga jalb etishda muhim maydonga aylanadi. Beach Sprints Olimpiya maydonidagi debyuti esa xalqaro eshkak eshish tarixida yangi sahifa ochadi.