Pyotr Yanning navbatdagi raqibi kim bo‘lishi mumkinligi ma'lum bo'ldi
UFCning ikki vazn toifasidagi sobiq chempioni Daniel Kormye eng yengil vazn toifasining amaldagi chempioni Pyotr Yan navbatdagi jangini amerikalik Shon O’Melliga qarshi o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda u Tim Uelchning YouTube kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Kormye O’Mellini chempionlik jangiga eng munosib da’vogar deb hisoblaydi. Uning fikricha, amerikalik sportchining mashhurligi va Yan bilan avvalgi qarama-qarshiligi ushbu revanshga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
“Haqiqat shuki, navbatdagi chempionlik jangi Shon O’Melliga berilishi kerak. Bunga faqat uning so‘nggi g‘alabalari sabab emas. U divizionning eng katta yulduzi, qolaversa, Pyotr bilan o‘zaro tarixi ham bor. Bu jang eng yengil vazn toifasi tarixidagi eng yirik to‘qnashuvlardan biriga aylanishi mumkin”, — dedi Kormye.
Ma’lumot uchun, Pyotr Yan va Shon O’Melli 2022-yil oktabr oyida UFC 280 turnirida o‘zaro to‘qnash kelgan. O‘shanda amerikalik jangchi hakamlarning ikkiga bo‘lingan qarori bilan g‘alaba qozongan. Endilikda ularning chempionlik kamari uchun revansh o‘tkazishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.